Hamjihatlikda gap ko‘p
Sex eshigi ochilishi bilan yangi kesilgan yog‘ochning o‘ziga xos hidi dimoqqa uriladi. Zamonaviy dastgohlar bir maromda ishlaydi. Bir chetda tayyor eshiklar terilgan, yana bir joyda bolalar uchun ixcham stol-stullarga so‘nggi ishlov berilmoqda. Har bir buyumda mehnatning harorati, e’tiborning izi seziladi.
Bu yer Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi “Kuyovboshi” mahallasida yashovchi Shavkat Nurullayevning mehnat maskani.
Qishloqda katta ishlarni faqat katta sarmoya bilan boshlash mumkin degan qarashga u ancha avval ishonmay qo‘ygan. Uning nazarida, eng katta sarmoya — yaxshi g‘oya va unga ishonadigan oila.
— Bir kuni turmush o‘rtog‘im Vasila bilan uzoq suhbatlashdik, — deydi Shavkat Nurullayev. — Nega yillar davomida orzu qilib yurgan ishimizni boshlamaymiz? dedim unga. U ham ikkilanmadi. Harakat qilsak, Alloh ham barakasini beradi dedi. Shu gap menga kuch berdi.
Keyingi qadamlar aniq reja asosida boshlandi. Mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisi Nurlanbek Xudoyberdiyev oilaning tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Tavsiyaga ko‘ra, “Mikrokreditbank”ning tuman filiali tomonidan 100 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi.Bu mablag‘ shunchaki kredit emas, orzuga ochilgan eshik bo‘ldi.
Xonadon yonida mebel sexi uchun alohida bino barpo etildi. Turli rusumdagi dastgohlar o‘rnatildi. Ilk kunlari sexda faqat ikki kishi mehnat qilgan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay bu ishga butun oila qo‘shildi. Avval Vasila opa, keyin esa farzandlari Samandar va Sardorjon yelkadosh bo‘ldi.
Mana ikki yildirki, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida tanilgan Shavkat Nurullayev rahbarlik qilayotgan sexda mehnat tinmaydi.
Bu yerda buyurtma asosida oshxona, mehmonxona va yotoqxona mebellari, bolalar uchun stol-stullar hamda o‘rindiqlar tayyorlanadi. Milliy uslubda yasalgan eshik va derazalar, Yevropa andozalaridagi mebellar, sandiq va qutilar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun mo‘ljallangan jihozlarga talab tobora ortib bormoqda.
Har bir buyum tayyor bo‘lganida Shavkat aka uni bir necha bor ko‘zdan kechiradi.
— Mebel — oddiy mahsulot emas, — deydi u. — Uni odam yillab ishlatadi. Har gal tayyor mahsulotni mijozga berishdan oldin o‘zimga bitta savol beraman: “Shuni o‘z xonamga qo‘yarmidim?” Agar javobim “ha” bo‘lsa, ana shunda ko‘nglim xotirjam bo‘ladi.
Bu mehnatsevar insonning yana bir fazilati bor. U kasb mahoratini o‘zidagina saqlab qolishni istamaydi.
Qo‘shni xonadonda yashovchi Fazliddin Mamayusupov ham bugun uning shogirdi.

— Yoshligimdan mebelchilikka qiziqishim yuqori edi, — deydi Fazliddin. — Shavkat akaga shogird tushdim. Har kuni yangi sirlarni o‘rganyapman. U kishi bizga faqat kasb emas, mehnatga hurmatni ham o‘rgatadi.
Sexdagi har bir dastgoh ortida bir oilaning mehnati, har bir tayyor mahsulot ortida esa sabr va izlanish mujassam.
Ammo Shavkat Nurullayev erishilgan natija bilan cheklanishni istamaydi.
— Kechagi yutuq bilan ertangi bozorni egallab bo‘lmaydi, — deydi u. — Hozir yangi g‘oyalar ustida ishlayapman. Yaqinda mebel ishlab chiqarishda asqotadigan yangi uslubdagi zamonaviy dastgoh olib kelib, sexga o‘rnatmoqchimiz. Uning yordamida tayyorlanadigan mahsulotlar yanada serjilo, yanada nafis bo‘ladi. Xaridor sifatni ko‘rsa, yana qaytib keladi.
Bu so‘zlarda oddiy tadbirkorning orzusi emas, qishloqning ertangi kuniga bo‘lgan ishonchi mujassam.
Ba’zan katta o‘zgarishlar yirik zavodlardan emas, ana shunday kichik sexlardan boshlanadi. Bir xonadonda tug‘ilgan g‘oya butun mahallaga ruh beradi. Bir oilaning mehnati boshqalarni ham harakatga undaydi.
“Kuyovboshi” mahallasidagi bu mehnat maskaniga qarab turib, bir haqiqatni anglaysan: qishloqning haqiqiy boyligi yer ostidagi xazinada emas, qo‘li gul, qalbiga ishonch joylashgan insonlarda ekan.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri