Gruziya parlamenti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov Gruziya Parlamenti deputatlari Levan Machavaria va Irakliy Mezurnishvililar bilan uchrashdi. Unda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi do‘stona va strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati hamda ularni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqot davomida so‘nggi yillarda oliy darajadagi muloqotlar faollashib, davlat rahbarlarining siyosiy irodasi bilan ikki tomonlama hamkorlik sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil iyul oyida Gruziyaga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarida yangi sahifa ochgani e’tirof etildi.
A.Haitov mehmon tomoniga “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi faoliyati haqida batafsil ma’lumotlar berdi.
O‘z navbatida, Gruziya Parlamenti deputatlari oxirgi o‘n yillikda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib borayotganini alohida ta’kidladi.
Suhbat chog‘ida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, mavjud transport va tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, o‘zaro manfaatli yangi loyihalarni ilgari surish uchun keng imkoniyatlar borligi alohida ta’kidlandi. Ushbu yo‘nalishlardagi hamkorlikni izchil rivojlantirish va erishilgan kelishuvlarni amaliy mazmun bilan boyitishda parlamentlararo aloqalar muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Uchrashuvda parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, partiyalararo hamkorlikni yangi g‘oya va amaliy tashabbuslar bilan boyitish muhimligi ta’kidlanib, O‘zLiDeP va “Gruzin orzusi” partiyasi o‘rtasida muntazam muloqot o‘rnatish, hamkorlik memorandumini tayyorlash, qo‘shma davra suhbatlari va biznes-forumlar o‘tkazish taklif etildi.
M.Komilova,
O‘zA