BRM oyligi: qariyb 14 million fuqaroning ichimlik suvi ta’minoti yaxshilangan
Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi o‘tkazilmoqda. Bundan maqsad aholida BRM g‘oyalariga nisbatan daxldorlik hissini mustahkamlash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasini keng namoyon etishdan iborat. Oylik davomida respublika miqyosida kompleks tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash lozimki, amalga oshirilgan izchil islohotlar natijasida Barqaror rivojlanish maqsadlarining 70 foizidan ortig‘i bo‘yicha sezilarli ijobiy natijalarga erishildi, 45 foizi bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichlar to‘liq ro‘yobga chiqarildi. Natijada 2026-yilda O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida 169 ta davlat orasida 65-o‘rinni egalladi.
Barqaror rivojlanish maqsadlarida ekologik barqarorlikni ta’minlash borasida ham bir qator vazifalar nazarda tutilgan. Bu borada so‘nggi yillarda mamlakatimizda birgina aholini toza ichimlik suvi bilan barqaror ta’minlash, oqova suv tizimlarini yanada rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, suv tejovchi zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, keyingi yillarda sohaga jalb qilingan sarmoyalar hajmi 10 karra oshib, 2,7 milliard dollarga yetgan. Natijada aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 63 foizdan 82,8 foizga yetkazilgan. Eng muhimi, ilk bor 5,6 million nafar aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanib, 13,9 million fuqaroning ichimlik suvi ta’minoti yaxshilangan.
Shuningdek, oxirgi 8 yilda ichimlik suvi va oqova suv infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan. Bu orqali 36 ming kilometrdan ziyod ichimlik va oqova suv tarmoqlari tortilib, 3,5 mingdan ortiq inshoot qurilgan. Kelgusi yillarda esa ichimlik suvi ta’minotini 90 foizga, shaharlarda kanalizatsiya xizmati qamrovini 80 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Bugungi kunda respublikada mavjud 255 ta oqova suv inshooti orqali 8,3 million nafar aholiga xizmat ko‘rsatilmoqda. Barqaror rivojlanish maqsadlariga asosan, 2030-yilgacha suv muhitining ifloslanishini sezilarli darajada kamaytirish, oqova suvlarni xavfsiz qayta ishlash va ulardan qayta foydalanish hajmini oshirish vazifasi belgilangan.
Bu borada mavjud oqova suv tozalash inshootlarini rekonstruksiya qilish, yangi tozalash inshootlarini barpo etish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda tozalangan oqova suvlarni texnik ehtiyojlar va ayrim iqtisodiy tarmoqlarda qayta ishlatish mexanizmlarini kengaytirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Bugun suv resurslarini samarali boshqarish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, irrigatsiya-melioratsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish va sohani raqamlashtirish dolzarb hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu boradagi ishlar natijasida suv tejovchi va raqamli texnologiyalar, agrotexnika tadbirlari hisobiga 2025-yilda 10 mlrd. kub metr suv iqtisod qilingan, joriy yilda esa 11 mlrd. kub metr iqtisod qilish rejalashtirilgan.
Suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan maydon 2018-yilgacha 28 ming gektarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yil yakuniga kelib 2,6 mln. gektarga yetgan. Shu yil 1-iyun holatiga yana 516,7 ming gektarda ushbu texnologiyalar joriy qilingan.
Suv sohasida erishilgan natijalar bilan birga, hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ham talaygina. Jumladan, ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari qamrovini oshirish, suv tejovchi texnologiyalarni hududlar kesimida keng joriy etish, ajratilayotgan byudjet va investitsiya mablag‘laridan samarali foydalanish, sohada raqamlashtirish jarayonlarini yanada kengaytirish lozim.
Shu bilan birga, yer usti suv ob’ektlarini muhofaza qilish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida suvdan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish zarur. Bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar Barqaror rivojlanish maqsadlarida ko‘zda tutilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA