G‘ozg‘onda sanoat bilan birga turizm ham rivojlanmoqda
Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahri uzoq yillar davomida, avvalo, o‘zining noyob marmar konlari bilan tanilib kelgan sanoat markazi sifatida e’tirof etilar edi. Bugun esa bu hudud mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida yangi qiyofada – sanoat va turizm uyg‘unlashgan zamonaviy makon sifatida rivojlanmoqda.
G‘ozg‘on marmari nafaqat yurtimizda, balki xorijdagi ko‘plab me’moriy inshootlarda qo‘llanilgani bilan alohida ahamiyatga ega. Bu esa shaharning iqtisodiy salohiyatini belgilab beruvchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Biroq so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida hudud faqat sanoat bilan cheklanib qolmayapti. Tabiiy resurslar, betakror landshaft va madaniy merosdan samarali foydalanish orqali turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina 2025-yilda G‘ozg‘on shahriga 990 nafar xorijiy va 13 882 nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurgan. Joriy yilda ushbu ko‘rsatkichni yanada yuqori darajaga chiqarish rejalashtirilgan. Bu esa hududning turistik jozibadorligi izchil ravishda rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.
[gallery-29183]
– G‘ozg‘onning geografik joylashuvi ham uning ustunliklaridan biri hisoblanadi, – deydi shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Nodirjon Zoyirov. – Tog‘ va sahro hududlari tutashgan mazkur bu hududda tabiiy manzaralar xilma-xilligi, qadimiy petrogliflar va ziyoratgohlar sayyohlarni o‘ziga jalb etmoqda. Xususan, Shohimardon ziyoratgohi nafaqat diniy, balki madaniy va ma’naviy meros ob’ekti sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi islohotlar doirasida shaharda aynan shu kabi ob’ektlarni qayta tiklash, ularni zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlash ishlari izchil olib borilmoqda. Jumladan, Shohimardon ziyoratgohi va unga olib boruvchi yo‘llarda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari ziyoratchilar uchun qulaylik yaratish bilan birga, hududning umumiy turistik salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Loyiha doirasida yangi ish o‘rinlarining yaratilishi esa aholi bandligini ta’minlashga ham hissa qo‘shmoqda.
Shuningdek, “Buloqi Nav” bulog‘ida olib borilayotgan ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari tabiiy resurslarni asrab-avaylash va ulardan oqilona foydalanish borasidagi amaliy qadamlardan biridir. Ushbu manzilni tartibga keltirish orqali nafaqat aholi uchun qulay sharoit yaratilmoqda, balki yangi sayyohlik maskani shakllantirilmoqda.
G‘ozg‘on shahrida barpo etilgan Turizm ko‘chasi esa islohotlarning yana bir yorqin namunasidir. Marmar bilan bezatilgan, zamonaviy infratuzilmaga ega ushbu ko‘cha shaharning milliy ruhini aks ettirgan holda turistlar va mahalliy aholi uchun qulay muhit yaratmoqda. Savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining tashkil etilishi esa iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qilyapti.
G‘ozg‘onning Navoiy, Samarqand va Buxoro kabi yirik turistik markazlarga yaqin joylashgani uni mintaqaviy turistik yo‘nalishlarning muhim bo‘g‘iniga aylantirmoqda. Bu esa kelgusida shaharga tashrif buyuruvchilar sonini yanada oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Albatta, G‘ozg‘onda amalga oshirilayotgan ishlar islohotlarning amaldagi natijasidir. Sanoat salohiyatini saqlagan holda turizmni rivojlantirish, infratuzilmani yangilash va yangi ish o‘rinlari yaratish orqali hudud kompleks taraqqiyot yo‘lidan ilgarilamoqda. Bu esa G‘ozg‘onni yaqin kelajakda nafaqat sanoat, balki yetakchi turistik markazlardan biriga aylantirish imkonini beradi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari