Farg‘ona me’morlari tajribasi o‘rganilmoqda
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida ochilgan Marg‘ilondagi “Burhoniddin Marg‘inoniy” majmuasi har kuni uzoq-yaqindan kelayotgan mehmonlar, sayyohlar bilan gavjum. Mana endi Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi quruvchi va me’morlar delegatsiyasi mazkur ilg‘or tajribalar, bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi. Delegatsiyaga viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamrohlik qilmoqda.
Mehmonlar Marg‘ilon shahrida joylashgan “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida barpo etilgan madaniyat va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari bilan tanishdi. Mazkur majmua milliy me’morchilik an’analari, Marg‘ilonning boy tarixi hamda zamonaviy turizm talablari uyg‘unligida barpo etilgan bo‘lib, qadimiy shahar hududida o‘ziga xos shaharcha sifatida shakllantirilgan. 35 gektar maydonni egallagan majmuada sayyohlar uchun barcha zarur sharoit yaratilgan.

Majmuaning asosiy yo‘nalishlaridan biri buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniyning boy ilmiy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etishdan iborat. Shu bilan birga, hududda qadimiy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylash, ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi. Shuningdek, mehmonlar “Otabek va Kumush uyi muzeyi” bilan ham tanishdilar. Uning ekspozitsiyalarida “O‘tkan kunlar” asari sahnalari badiiy tarzda jonlantirilgan bo‘lib, adabiyot va tarix uyg‘unligida noyob muhit yaratilgan.
Majmuadagi maqom teatri, shoir va rassomlar xiyoboni, kutubxona hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalari. Buxoro viloyati delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi. Ular majmuada amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini yuqori baholab, “Boqiy Buxoro” majmuasidagi inshootlarni loyihalashda tahliliy ma’lumot sifatida qaralishi mumkinligini aytilar.
Muhammadjon Obidov, O‘zA