G‘oliblar aniqlandi
O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nukus shahar bo‘linmasi tomonidan shahar maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limi bilan birgalikda badminton bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan musobaqaga shahardagi barcha ta’lim tashkilotlarida ishlovchi xodimlar ishtirok etib, o‘zlarining jismoniy qobiliyati va chaqqonligini namoyish etishdi. Bahsli va murosasiz o‘tgan musobaqa xodimlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi. Soha xodimlarining jismoniy faolligini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilgan musobaqada barcha ishtirokchilar g‘olib bo‘lish uchun astoydil harakat qilishdi.

Musobaqa yakunida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarga O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nukus shahar bo‘linmasi kengashi tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri