Dzyudo ustalari Namanganda bellashishdi
Yangi Namangan tumanidagi “Pahlavon” sport majmuasi mezbonlik qilgan kattalar o‘rtasida dzyudo bo‘yicha “Uzbekistan Judo Tour-2026” turnirida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan 219 nafar mahoratli dzyudochi g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Musobaqada har bir ishtirokchi o‘z texnik mahorati, jismoniy tayyorgarligi, tezkorligi va matonatini ko‘rsatishga intildi. Olimpiya o‘yinlari dasturiga kirgan dzyudo sport turini ommalashtirish, iqtidor sohiblarni saralash hamda ularning mahoratini oshirishga qaratilgan bellashuvlarda oltita (erkaklar orasida to‘rtta va ayollar o‘rtasida ikkita) vazn toifasida medallar uchun janglar g‘oyat murosasiz ruhda kechdi.

E’tiborga molik jihati shundaki, turnir davomida iste’dodi va tajribasi bilan ajralib turgan olti hudud vakillari g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.

Medallar jamg‘arish hamda umumjamoa bo‘yicha ochkolar hisobiga ko‘ra, Xorazm viloyati terma jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Buxoro va Namangan viloyati dzyudochilari mos ravishda ikkinchi, uchinchi pog‘onalarda qayd etildi.

Musobaqada 66 kilogramm vazn toifasida Surxondaryo viloyatidan Dilshodbek Baratov, 81 kiloramm vaznda qashqadaryolik Muhammaddo‘st Eshdavlatov, 100 kilogramm vaznda buxorolik Og‘abek G‘aniyev, +100 kilodan og‘ir vaznlilar o‘rtasida Toshkent shahridan Fazliddin Rafiqovlar zafar nashidasini surishdi.

Xotin-qizlar ishtirokidagi 48 kilogramm vazn toifasida namanganlik Fotimaxon Tursunboyeva hamda 63 kilogramm vaznda xorazmlik Dinora Samandarovalar g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.
“Uzbekistan Judo Tour-2026” turnirining Namangan bosqichi g‘oliblari respublika Sport vazirligi hamda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi tomonidan pul mukofotlari, diplom va medallar bilan taqdirlanishdi..
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.