G‘olib va sovrindorlar taqdirlanishdi
Sirdaryo viloyatida mahalla yoshlari o‘rtasida futbol va mini-futbol sport turlari bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati kubogining viloyat bosqichi yakuniga yetdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlarda o‘z mahallasi sharafini munosib himoya qilgan eng kuchli jamoalar aniqlanib, g‘olib va sovrindorlar taqdirlanishdi.
Yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, iqtidorli sportchilarni saralash hamda mahallalarda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan mazkur musobaqa 2022-yildan buyon an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

DXX kubogi 16–30 yoshli mahalla yoshlari o‘rtasida tashkil etilib, musobaqalar tuman va shahar, viloyat hamda respublika bosqichlarida o‘tkaziladi. Ishtirokchilar mini-futbol bo‘yicha qizlar, mini-futbol bo‘yicha o‘g‘il bolalar hamda futbol bo‘yicha o‘g‘il bolalar yo‘nalishlarida mahoratlarini namoyish etishadi.
Joriy yilda Sirdaryo viloyatida musobaqaning tuman va shahar bosqichlari aprel, may, iyun hamda iyul oylarida o‘tkazildi. 11 ta tuman va shahar kesimidagi bellashuvlarda 239 ta mahalladagi 522 ta jamoa ishtirok etdi. Ularda jami 6 654 nafar yosh o‘z mahallasi sharafini himoya qildi.
Bu raqamlar mahallalarda yoshlarni sportga jalb etishga bo‘lgan e’tibor tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Musobaqalar davomida futbol va mini-futbolga bo‘lgan qiziqish yuqoriligi, jamoalar o‘rtasidagi raqobatning kuchayib borayotgani yaqqol namoyon bo‘ldi. Ayniqsa, har bir uchrashuvda yoshlarning jamoaviy harakatlari, intilish, matonat va g‘alabaga bo‘lgan ishonchi e’tiborni tortdi.


Bellashuvlar nafaqat g‘oliblarni aniqlash, balki mahallalarda yangi sport iste’dodlarini kashf etish uchun ham muhim maydon vazifasini o‘tadi. Bellashuvlarda o‘zini ko‘rsatgan yoshlar kelgusida yuqori darajadagi musobaqalarda Sirdaryo viloyati sharafini himoya qilish uchun munosib nomzodlar sifatida saralandi.


Viloyat bosqichi yakunlariga ko‘ra, uchta yo‘nalish bo‘yicha eng kuchli jamoalar aniqlandi.
Qizlar o‘rtasidagi mini-futbol musobaqasida Guliston shahrining “Taraqqiyot” mahallasi jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Sardoba tumanining “Birlashgan” mahallasi jamoasi ikkinchi, Boyovut tumanining “Olmazor” mahallasi jamoasi esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi mini-futbol bahslarida Guliston shahrining “Do‘stlik” mahallasi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Boyovut tumanining “Yangiobod” mahallasi jamoasi ikkinchi, Oqoltin tumanining “Andijon” mahallasi jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
O‘g‘il bolalar futbol musobaqasida esa Mirzaobod tumanining “Bog‘iston” mahallasi jamoasi birinchi o‘rinni zabt etdi. Yangiyer shahrining “A. Jomiy” mahallasi jamoasi ikkinchi, Oqoltin tumanining “Yangi davr” mahallasi jamoasi esa uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.


Shu tariqa, barcha bosqichlar yakuniga ko‘ra, 108 nafar ishtirokchi g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. Ular munosib taqdirlanishdi, sportdagi yutuqlari e’tirof etildi.
Endi esa g‘olib jamoalarni yanada muhim bellashuv kutib turibdi. DXX kubogining respublika final bosqichi 17–22-avgust kunlari Toshkent shahridagi “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadi.

Unda Sirdaryo viloyatining uchta jamoasi — Guliston shahrining “Taraqqiyot” va “Do‘stlik”, Mirzaobod tumanining “Bog‘iston” mahallalari yoshlari ishtirok etishadi. Ular endi respublikada nafaqat o‘z mahallalari, balki butun Sirdaryo viloyati sharafini ham himoya qilishadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri