Erkin so‘z aytmoq fursati
Istalgan davr nafasini tuyish mumkin bo‘lgan yagona olam bu adabiyotdir. Zero, Abdulla Qahhor: “adabiyot – atomdan kuchli” deb bejiz aytmagan.
Ammo haqiqiy adabiyot kenglikni, erkinlikni talab qiladi. Sababi chin so‘zning parvozi chegara bilmas yuksakliklar qadardir. Biroq har doim ham erkin so‘z aytish ilojsiz sanalgan. Bu albatta, adolat tulpori jilovlangan, hokimiyat boshqaruvida shaxsiy manfaat avjiga chiqqan kezlarda kuzatilgan. Bunda ijod, adabiyot ahlining har bir qoralamasidan ham qandaydir g‘oyaviy xato topib, ularni nohaq azoblashgan, hatto qatl qilishgan. Keling, uzoqqa bormay o‘zimizning yaqin tariximizga bir nigoh tashlaylik. Jadid bobolarimizning ayanchli qismati bunga yorqin misoldir. Ular mustamlakachilarga qarshi eng kuchli qurol – so‘z bilan hujum qildi. Haqiqat ko‘zgusiga boqishga, unda o‘zlarining chirkin maqsadli aksini ko‘rishga toqatlari yetmagan sobiq sho‘ro hukumati eng zaifona yo‘l tutdi. Jadidlarimizni jisman yo‘q qildi. Bu bilan ular aslo g‘alaba qilmadi, aksincha, naqadar ojizliklarini ifoda qildi. Zero, bobolarimizning ijodiy merosi, undagi ma’naviy-ma’rifiy g‘oyalar millatimiz qudratiga yanada qudrat bo‘lib qo‘shilgandi.
Oyning o‘n beshi yorug‘ deganlaridek, ona Vatanimizga mustaqillik quyoshi kulib boqqach, adabiyot maydoni ham jilovdan bo‘shagan erkin so‘z tulporlariga to‘ldi. Yuragida chin so‘z yukini ko‘tarib yashayotgan so‘zgarlarimiz ham ko‘ksini ezib turgan yukdan xalos bo‘ldi. Sovuq davr nafasidan qalbi muzlagan Abdulla Oripov, Erkin Vohidov kabi zabardast shoirlarimiz, Odil Yoqubov, Tog‘ay Murod kabi iste’dodli yozuvchilarimiz yelkasi haqiqiy quyosh ko‘rib, ijodning yuksak cho‘qqilariga zavq-u shavq bilan parvoz qildilar.
Ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikda inson Qadri tamoyiliga tayanib yuritilayotgan siyosat natijasida so‘z qiymati ham yanada ortdi. Erkin so‘z, erkin fikr ko‘lami bir necha barobar yuksaldi. Adabiyot va jamiyat ko‘prigi tanqidni ko‘taradigan darajada mustahkamlandi. Natijada adabiyotimizda yangicha nafas, oshkoralik ufurib turuvchi asarlar paydo bo‘la boshladi. Qolaversa, kitobxonlik madaniyati ham pog‘onama-pog‘ona ko‘tarilishda davom etmoqda. Shu davrda yaratilgan yozuvchi Javlon Jovliyevning “qo‘rqma” romani butun turkiy dunyoning sevimli asariga aylandi. Uni o‘qir ekansiz, erkin ijod mahsulini haqiqiy ma’noda his qilasiz. Ayniqsa, hozirgi yoki o‘tgan davrdagi kemtik nuqtalar ayovsiz tanqid ostiga olingani kitobxonni zavqlantirish bilan birga hayratlantiradi ham. Negaki, erkin so‘z yaqin yillargacha sandiqda yashirilgan qurolday ijodkorlar ko‘nglida yashab keldi. Endi esa maydon erkin so‘z aytuvchilarniki.
Xulosa qilib aytganda, navqiron o‘ttiz besh yilni qarshi olayotgan istiqlolimiz asrlarga tatigulik ma’naviy ozuqa zaxirasiga ega bo‘lib bormoqda. Bu esa davlatimiz rahbari ilgari surayotgan Uchinchi Renessans davrining eng asosiy belgilaridan biridir. Faqatgina har narsaning chegarasi bo‘lganidek, so‘z va uning chegarasini ham yetarlicha his etmoq muhim. Shundagina adabiyotimizda saviyali asarlar yanada ortadi.
Sherbek Islomov, O‘zA