Giyohvandlikka qarshi kurash hammaning ishi
Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama sog‘lom, ma’nan yetuk va mustaqil fikrlaydigan shaxslar etib tarbiyalash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ayniqsa, giyohvandlik kabi ijtimoiy illatlarga qarshi kurashish bugungi kunda nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki ta’lim muassasalari, tibbiyot xodimlari va keng jamoatchilik oldida turgan ustuvor vazifalardan biriga aylangan.
Jizzax politexnika institutida “Giyohvandlikka yo‘q deymiz!” shiori ostida o‘tkazilgan profilaktik tadbir ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qildi. Unda sohaviy mutaxassislar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va tibbiyot vakillari ishtirok etib, giyohvandlikning inson salomatligiga yetkazadigan jiddiy zararlari, uning jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri hamda bu illatning oldini olish chora-tadbirlari xususida atroflicha fikr yuritdi.

Ta’kidlash joizki, mazkur yo‘nalishda mamlakatimizda mustahkam huquqiy asos yaratilgan. Jumladan, 1999-yil 19-avgustda qabul qilingan “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni mazkur sohadagi munosabatlarni tartibga solishda muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-noyabrdagi “Jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2022-yil 28-yanvardagi “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonlarida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, giyohvandlik va boshqa zararli illatlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratilgan.
Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida joylarda profilaktik tadbirlar, targ‘ibot-tashviqot ishlari, tibbiy-ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish tizimi izchil yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, ta’lim muassasalarida doimiy ravishda uchrashuvlar, ochiq muloqotlar va tushuntirish ishlari tashkil etilib, yoshlarda giyohvandlikka nisbatan murosasiz munosabat shakllantirishga alohida e’tibor qaratilayotir.

Jizzaxdagi tadbirda ham mutaxassislar tomonidan berilgan amaliy tavsiyalar, hayotiy misollar va tibbiy tushuntirishlar talabalarda mustahkam hayotiy pozitsiyani shakllantirish, zararli odatlarga qarshi immunitetni kuchaytirishga xizmat qildi. Bunday muloqotlar yoshlarning ongu tafakkuriga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, ularni turli yot g‘oya va illatlardan asrashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, sog‘lom avlod — yurt kelajagi. Giyohvandlikka qarshi kurash esa faqat bir tashkilot yoki tizimning emas, balki butun jamiyatning birgalikdagi sa’y-harakatlarini talab etadigan muhim vazifadir.

A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA