Anadoludagi Horzumlular izidan
Sakkiz asr avval yurtimizdan Jaloliddin Manguberdi safida bir necha o‘ng ming jasur jangchilarni taqdir Anadoluning g‘arbiy chekkalariga olib borgan edi. Oradan qariyb 800 yil o‘tdi. Biz esa ularning avlodlarini izlab, Xorazmdan Turkiyaga yo‘l oldik.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz ziyolilari, olimlari va tadqiqotchilari ishtirokida tarixiy xotirani tiklash, milliy o‘zlikni anglash hamda xalqimiz sivilizatsion ildizlarini chuqur tadqiq etishga qaratilgan qator ilmiy-ma’rifiy safarlar amalga oshirilmoqda.
Bu kabi tashabbuslar Oltoy tog‘laridan Kavkaz, Volgabo‘yi va Anadolu sarhadlarigacha bo‘lgan ulkan hududlarni qamrab olgan. Safarlar davomida ajdodlarimiz bosib o‘tgan yo‘llar izidan borish, boy tarixiy merosimizni yaqindan o‘rganish va xalqimiz taqdiri bilan bog‘liq uzviy rishtalarni aniqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi arafasida Jaloliddin Manguberdi fondi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan Turkiyaning g‘arbiy viloyatlariga navbatdagi ilmiy-ma’rifiy safar tashkil etildi. Ushbu tashabbus sakkiz asr muqaddam Xorazmdan Anadoluga ko‘chib borgan horzumlularning tarixi, bugungi hayoti va asrlar davomida saqlanib kelayotgan tarixiy xotirasini o‘rganishga bag‘ishlandi.
2026-yil iyun oyida amalga oshirilgan mazkur safar davomida tarixiy manbalarda qisqacha qayd etilgan, ammo taqdiri va merosi haqida yetarlicha ma’lumot saqlanmagan Anadolu horzumlularining o‘tmishi, madaniy an’analari va bugungi avlodlari haqida qimmatli ma’lumotlar yig‘ildi.
Tarix kitoblaridagi bir jumlaning ortidan
Jaloliddin Manguberdi haqidagi ko‘plab kitoblarda bir ma’lumot takrorlanadi: u halok bo‘lganidan keyin uning qo‘shini va ularning oilalaridan iborat o‘n minglab insonlar Anadolu, Suriya va Misr tomonlarga tarqalib ketgan. Turkiyada esa ularning avlodlari “Horzumlu” nomi bilan saqlanib qolgan.
Biroq savol tug‘iladi:
Bu odamlar bugun qayerda yashaydi? Ular o‘z kelib chiqishini eslaydimi? Xorazm haqida nimalarni biladi?
Mana shu savollar bizni 2500 kilometrdan ziyod yo‘l bosishga undadi.
Ekspeditsiyaning ilk manzili Istanbul bo‘ldi.
Bizni Istanbul universitetining taniqli professori, mo‘g‘ulshunos olim Kurshat Yildirim kutib oldi. U bilan suhbatlarimizda nafaqat ekspeditsiya yo‘nalishlari, balki Jaloliddin Manguberdining Anadoludagi merosi haqida ham fikr almashdik.
Qizig‘i shundaki, horzumlular haqidagi ko‘plab ma’lumotlar aynan turk olimlari tomonidan yig‘ilgan bo‘lsa-da, Xorazmdan ularni izlab kelgan tadqiqotchilar deyarli bo‘lmagan.
Bu holat bizga ekspeditsiyaning mas’uliyatini yanada chuqurroq his ettirdi.
Denizli: Pamukqal’a va xorazmliklar izlari
Ertasi kuni 600 kilometrlik yo‘lni bosib Denizliga yetib keldik.
Turkiya avtobuslari haqida ko‘p eshitgan edik, ammo o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganimizda hayratimiz yanada oshdi. Avtobusda choy, kofe, salqin ichimliklar, hatto muzqaymoq ham taklif etiladi. Ravon yo‘llar va qulay sharoit tufayli 11 soatlik safar deyarli sezilmay o‘tdi.
Denizlidagi ilk manzilimiz XIII asrda qurilgan Oqxon karvonsaroyi bo‘ldi.
Aynan shu karvonsaroy orqali asrlar davomida savdogarlar, sayyohlar va sarkardalar o‘tgan. Rivoyatlarga ko‘ra, 1402-yilda Amir Temur ham shu yerda mehmon bo‘lgan.
Keyin esa Pamukqal’aga yo‘l oldik.
Oq travertinlari bilan butun dunyoga mashhur bo‘lgan bu mo‘’jizaviy hududda yurar ekanmiz, bir haqiqat xayolga keladi: bugun millionlab sayyohlarni o‘ziga jalb qilayotgan joylarda bir paytlar xorazmliklar ham qadam bosgan bo‘lishi mumkin.
Turk o‘chog‘ida kutilmagan topilma
Denizlidagi eng qiziq uchrashuvlardan biri Turk o‘chog‘i tashkilotida bo‘ldi.
U yerda mahalliy aholi bilan suhbatlashar ekanmiz, kutilmagan holda “Horzum beylari” nomli qadimiy xalq qo‘shig‘iga duch keldik.
Qo‘shiqning matni va ruhiyatida jangovarlik, erk va vatanparvarlik ruhi yaqqol sezilardi.Eng muhimi, mahalliy aholi bu qo‘shiqni horzumlular bilan bog‘lab aytar edi. Biz uchun bu shunchaki folklor namunasi emas, balki sakkiz asrlik xotiraning tirik qolgan bir bo‘lagi edi.
Kutahiya: Germianlar va Jaloliddin askarlari
Ekspeditsiyaning eng muhim qismlaridan biri Kutahiya shahrida o‘tdi.
Bu yerda Germian beyligiga bag‘ishlangan xalqaro simpozium tashkil etilgan edi. Turkiyalik olimlar bilan muloqotlar davomida bir haqiqat yana bir bor ta’kidlandi:
Germian beyligi tarixi haqida bahslar turlicha bo‘lishi mumkin, ammo uning harbiy quvvati va shakllanishida xorazmliklar muhim o‘rin tutgani ko‘pchilik tomonidan tan olinadi.
Simpoziumdagi ma’ruzalardan keyin biz uchun eng qiziq qismi boshlandi. Biz horzumlular yashaydigan qishloqlarni izlashga otlandik.
Kutahiya viloyatidagi tog‘lar orasida joylashgan Ovajik qishlog‘iga kirib kelar ekanmiz, ko‘nglimizda g‘alati hayajon bor edi.
Nahotki, mana shu odamlar sakkiz asr avval Xorazmdan chiqqan jangchilarning avlodlari bo‘lsa?
Qishloqda uchratgan Kozim Gunesh va boshqa mahalliy aholi vakillari o‘zlarini horzumlu deb tanishtirdi. Ular butun tarixni batafsil bilmas edilar. Bu tabiiy hol. Axir oradan sakkiz asr o‘tgan. Ammo ularning shevalarida, ayrim so‘zlarida va xotiralarida Xorazm bilan bog‘liq izlar hali ham saqlanib qolgan edi.
Keyin qo‘shni Do‘g‘ar qishlog‘iga bordik. U yerda tasodifan to‘y ustidan chiqib qoldik. Dasturxonlar, mehmondo‘stlik, kattalarning o‘tirishi, xizmat qilib yurgan yigitlar...
Bir lahzaga o‘zimizni Xorazmning chekka qishloqlaridan birida his qildik. Faqat til boshqacha edi.
Arslanbek Sultanbekov va tarixning jonlanishi
O‘sha kuni kechqurun Germian festivali doirasidagi konsert dasturiga bordik. Maydonga yaqinlashganimiz sari qozog‘istonlik mashhur san’atkor Arslanbek Sultanbekovning “Turklar kelmoqda” qo‘shig‘i yangray boshladi.
Minglab odamlar Bo‘zqurt ishorasini ko‘targan holda musiqaga hamohang bo‘lishardi. Do‘mbiraning har bir zarbi go‘yo asrlar qa’ridan kelayotgan sadodek tuyulardi.
Shu lahzada tarix kitoblarida o‘qigan voqealarimiz ko‘z oldimizda jonlanib ketgandek bo‘ldi.
Manisa: sakkiz asrdan keyingi uchrashuv
Ekspeditsiyaning eng ta’sirli qismi Manisa viloyatida boshlandi. Bu yerda bir nechta horzumlu qishloqlarini ziyorat qildik.
Horzum Alayaka qishlog‘ida mahalliy aholi bilan uzoq suhbatlashdik. Ular o‘zlarining horzumlu ekanliklarini yaxshi bilar, ajdodlari Xuroson va Xorazm tomonlardan kelganini ta’kidlar edilar. Eng qizig‘i, ularning ko‘pchiligi hayotida birinchi marta haqiqiy xorazmliklar bilan suhbatlashayotganini aytishdi.
“Uchta qo‘yni sotsak bo‘larkan...”
Suhbat davomida gap O‘zbekistonga borish mavzusiga ko‘chdi. Ular vizaning bor-yo‘qligi, yo‘l qancha vaqt olishi, xarajat qancha bo‘lishi bilan qiziqishdi.
Biz Xorazmga safar qilish uchun taxminan 1000–1200 dollar atrofida mablag‘ yetarli bo‘lishi mumkinligini aytdik.
Shunda ulardan biri yonidagi do‘stiga qarab kulib dedi:
“Mehmet, ata yurdunu görmek için üç koyun satsak ne çıkar? Şu parayı da kurtlara kaptırdık diye düşün. Nasıl olsa dağdaki kurtlar her yıl bizden birkaç koyun alıp gidiyor!” ("Mehmet, ota yurtni ko‘rish uchun uchta qo‘y sotsak nima bo‘lardi? Shu pulni ham bo‘rilarga oldirdik deb o‘ylay qol. Baribir tog‘dagi bo‘rilar har yili bizdan bir nechta qo‘y olib ketyapti-ku!") Atrofdagilar kulib yuborishdi.
Lekin hazilning tagida chin istak bor edi.
Bu lahzada biz ularning ko‘zlarida Xorazmga bo‘lgan qiziqish emas, balki sakkiz asrlik xotira bilan qayta uchrashish orzusini ko‘rdik.
Sakkiz asrlik rishta
Ekspeditsiya davomida biz bir haqiqatni angladik. Horzumlular bugungi kunda o‘zlarini turk millati va Turkiya jamiyatining ajralmas qismi deb biladilar. Bu tabiiy hol.
Sakkiz asr davomida ular Anadolu tarixi va madaniyati bilan uyg‘unlashib ketgan. Biroq shu bilan birga ularning xotirasida Xorazm nomi hamon yashab kelmoqda.Ba’zan qishloq nomi sifatida, ba’zan laqab sifatida, ba’zan esa ota-bobolar haqidagi qisqa bir rivoyat shaklida.
Xulosa
Biz Turkiyaga horzumlularni o‘rganish uchun borgan edik. Ammo qaytar ekanmiz, faqat tarixiy ma’lumotlar emas, yana bir muhim xulosa bilan qaytdik: Sakkiz asr avval uzilib ketgan rishta hali butunlay uzilmagan ekan.
U ba’zan bir qo‘shiqda, bir shevada, ba’zan esa qishloq qariyasining oddiy bir hazilida yashab kelar ekan.
Balki yaqin yillarda Manisa yoki Kutahiyadan chiqqan bir avtobus haqiqatan ham Samarqand, Buxoro va Xorazm sari yo‘l olar. O‘shanda bu shunchaki sayohat emas, balki sakkiz asrdan keyingi tarixiy uchrashuv bo‘lar edi.






Bekzod Abdimrimov,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Xorazm viloyati bo‘limi rahbari.
O‘zA