Germaniyaga ishga boruvchilar nemis tilida erkin so‘zlashyapti (+video)
Respublika bo‘ylab jami 15 ta Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlari huzurida Aaxen universiteti klinikasi ilmiy markazi dasturlari asosida “Germaniya tibbiyot akademiyasi” tashkil etildi. Ushbu muassasalarda ta’lim jarayoni to‘liq xorijda qo‘llaniladigan amaliy va nazariy standartlar asosida olib borilib, o‘qish muddati 3 yilni tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-oktabrdagi “Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 14 ta tibbiyot texnikumlari Migratsiya agentligiga kadrlar tayyorlash uchun biriktiriladi. Bu borada “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, Germaniyaning Aaxen universiteti bilan 2025-2026 o‘quv yilida ming nafar fuqaroni nemis tili va hamshiralikka o‘qitish belgilangan. Mana oradan bir muddat o‘tib, texnikumning yigit-qizlari xorijiy tilda erkin so‘zlasha boshladilar.
- Men bir yildan buyon tahsil olib kelaman, - deydi akademiya o‘quvchisi Mohinur Rahmonaliyeva. – Maqsadim Germaniyada ishlash va tibbiyot sirlarini o‘rganish, O‘zbekistonga kelib hamkasblarimga bilganlarimni o‘rgatish. Bu yerda juda keng sharoitlar yaratilgan. Hamma o‘quv qurolari bepul, stipendiyalar beriladi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Shveysariyaning “Globogate Concept AG” kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlari huzuridagi “Germaniya tibbiyot akademiyasi” da tahsil olgan yoshlar B2 darajadagi nemis tili sertifikati bilan bitiradi hamda ularga ikki davlat tan oladigan diplom beriladi. Bu esa ularga Germaniyada to‘liq tan olingan tibbiyot mutaxassisi sifatida ish boshlash imkoniyatini beradi. Nomzodlar Germaniyaga borganlaridan keyin oila a’zolarini ham olib ketish imkoniyatiga ega.
- Bu loyiha 4 yil avval Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda faoliyatini boshlagan, - deydi loyiha bosh mutaxassisi Luiza Nazarova. – Bugungi kunga kelib esa, 600 nafardan ortiq yigit-qizlarimiz allaqachon o‘zlarining ish faoliyatini Germaniyada boshlaganlar. Ba’zilari “oilani birlashtirish” dasturi asosida farzandlarini, yaqinlarini ko‘chirib borishib, birga yashashmoqda. 500 nafardan ortiq talabgorlar Andijon, Namangan, Toshkent shahrida nemis tilini o‘rganib, hujjat jarayonlari amalga oshirilmoqda. 10-avgustdan esa Samarqand shahrida ilk sinfimiz ochiladi.
Kelgusida yana 20 ta texnikumning “Davolash ishi” yo‘nalishi bo‘yicha yangi o‘quv dasturini ishlab chiqish va qabul jarayonlariga o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, 2026-2027 o‘quv yili uchun qabul kvotasini 1500 nafargacha oshirish, nemis tili hamda Germaniyaning 5 ta tafovut fanlari bo‘yicha o‘quv adabiyotlarini chop ettirish yuzasidan amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/e1PMo-jYSH8" title="Germaniyaga ishga boruvchilar nemis tilida erkin soʻzlashayapti!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA