Germaniyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan ochiq muloqot
Germaniya Federativ Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari doirasida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Germaniyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba-yoshlar bilan uchrashdi.
O‘zbekistonning Berlin shahridagi elchixonasida tashkil etilgan ochiq muloqotda Germaniyaning nufuzli universitetlarida bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olayotgan hamda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda so‘nggi yillarda oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, universitetlarning xalqaro nufuzini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda yosh olimlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, yangi O‘zbekistonda inson kapitali taraqqiyotning asosiy drayveri sifatida qaralmoqda. Shu bois, oliy ta’lim muassasalarini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni iqtisodiyot bilan integratsiya qilish va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Muloqot davomida Germaniyada tahsil olayotgan yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, xususan, O‘zbekistonda ilmiy faoliyatni davom ettirish imkoniyatlari, akademik mobillik dasturlari, xalqaro qo‘shma loyihalar, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda mehnat bozorida yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Ayniqsa, mamlakatimizda muhandislik, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, yashil energetika va innovatsion tadbirkorlik sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar talaba-yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ular Germaniya universitetlari va ilmiy markazlarida orttirgan bilim va tajribalarini kelgusida Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida safarbar etishga tayyor ekanliklarini ta’kidladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA