Germaniya va yana 5 davlat YeI byudjetini qisqartirish tarafdori
“Financial Times” nashri xabar berishicha, Germaniya, Avstriya, Daniya, Niderlandiya, Finlyandiya va Shvetsiya rahbarlari Bryusselga rasmiy xat yo‘llab, 2028-2034-yillarga mo‘ljallangan Yevropa Ittifoqi xarajatini yuzlab milliard yevroga qisqartirish talabi bilan chiqqan.
– Yevropa Ittifoqi byudjeti tub islohotga muhtoj, aniq tanlov qilishimiz kerak, – deyilgan olti davlat rahbari imzolagan murojaatda.
Germaniya Kansleri Fridrix Mers va uning besh hamkasbi sarf ahamiyatli darajada qisqartirilmaguncha, keyingi yetti yillik byudjet loyihasi tasdiqlanmasligini ochiq ma’lum qildi. Ushbu talab YeI a’zolari o‘rtasida kelgusi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha jiddiy kelishmovchilik mavjudligini ko‘rsatadi.
Bir tomondan mudofaani mustahkamlash hamda AQSH va Xitoy bilan raqobatda qiyinchilikka duch kelayotgan sanoat sohalarini qo‘llab-kuvvatlash uchun yangi mablag‘ talab etilmoqda. Ikkinchi tomondan an’anaviy ravishda byudjetning asosiy qismi yo‘naltiriladigan fermerlar va kam rivojlangan mintaqalar moliyalashtirilishini davom ettirish zarurati saqlanib qolmoqda.
Hujjatni imzolagan 6 yetakchi davlat mavjud resurslarni asosan mudofaa sohasi va innovatsion kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratish taklifini kiritgan. Hamkorlar fikricha, kuchayib borayotgan iqtisodiy qiyinchilik va xavfsizlik tahdidiga faqat shu yo‘l bilan munosib javob berish mumkin.
2028-2034-yillarga mo‘ljallangan YeI byudjeti kuchga kirishi uchun tashkilotga a’zo barcha 27 ta davlat bir ovozdan rozi bo‘lishi shart. 6 mamlakat e’tirozi yetakchilarning yil oxirigacha kelishuvga erishish va’dasini xavf ostiga qo‘ygan.
“Financial Times” tahlilchilari ta’kidlashicha, Fransiya, Italiya, Ispaniya va Polshada kutilayotgan saylov jarayoni muzokarani yanada murakkablashtirishi mumkin.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA