3 million yevro qarz: Eron samolyoti Istanbulda musodara qilindi
Istanbul aeroportida Eronning “Caspian Airlines” aviakompaniyasiga tegishli “Boeing-737” samolyoti 3 million yevro atrofidagi qarz sabab, sud qarori asosida ushlab qolindi. Yo‘lovchilar parvozga tayyor turgan payt sud ijrochilari uchoq sahniga kirib, samolyotni musodara qilish to‘g‘risida hujjat taqdim etgan.
Eronga uchishi kerak bo‘lgan laynerga parvoz oldidan kreditor “ACM Temsil Gözetim” kompaniyasi vakillari hamda ijrochilar kelgan. Yo‘lovchilar va ekipaj samolyotdan tushirilib, terminalga qaytarilgan. 1993-yil Tehronda tashkil etilgan “Caspian Airlines” xalqaro yo‘nalishda “Boeing-737” uchoqlaridan foydalanadi. Jamoadagi moliyaviy muammo mamlakat aviatsiyasiga nisbatan yillar davomida amal qilgan AQSH sanksiyasi, jumladan samolyot, ehtiyot qism va texnik xizmatga qaratilgan cheklov bilan ham bog‘liq.
Voqea Islom Respublikasi aviatsiyasiga tashqi bosim kuchaygan paytga to‘g‘ri keldi. AQSHning aviatsiya sohasiga qarshi yangi ikkilamchi sanksiyasi kuchga kirgach, Eron aviakompaniyalarining Iroq, BAA, Ozarbayjon va O‘monga ayrim reyslari to‘xtatildi, qator xorijiy tashuvchilar ham mamlakatga parvozni bekor qildi. Avval Tehron aeroportidan kuniga 80-90 xalqaro yo‘nalish bo‘ylab uchilardi. Sanksiyadan keyin esa reys soni 41 taga tushdi. Turkiya Eron aviakompaniyalariga rasman taqiq qo‘ymagani uchun “Caspian Airlines” Istanbulga parvozni davom ettirayotgan edi.
Musulmon Ziyo, O‘zA