G‘ayratli keksalar sportda bahslashdi
Davlatimiz rahbarining keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash va ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga doir tegishli qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi hamda 26-iyun – “Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni” munosabati bilan sport maktabida mahalla va ovullardagi faol keksalar o‘rtasida “G‘ayratli keksalar” sport musobaqasining tuman bosqichi o‘tkazildi.

“Nuroniy” jamg‘armasi To‘rtko‘l tuman bo‘limi, tuman sport maktabi va hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan ushbu ommaviy sport bayramida 31 ta fuqarolar yig‘inidan 196 nafar nuroniy ishtirok etishdi. Unda otaxonlar shaxmat, shashka, mini-futbol va milliy kurash bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, faol ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan nuroniylar Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Nuroniy” jamg‘armasining diplomlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Shuningdek, faol ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan “Tashakkurnoma” topshirildi.

Sport turlari bo‘yicha 1-o‘rinni egallagan eng g‘ayratli nuroniylar musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdilar.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri