Garvard marhumlar jasadi uchun 53 million dollar to‘laydi
Garvard universiteti tibbiy tadqiqot uchun hadya qilingan inson tanasi a’zolari sotilishi bilan bog‘liq da’voni hal qilish uchun 53 million dollar ajratadi. Boston sudi kelishuvni dastlabki tarzda ma’qullagan. Mablag‘ ikki alohida kompensatsiya jamg‘armasi orqali taqsimlanishi rejalashtirilgan.
Garvard tibbiyot maktabi morgi mudiri Sedrik Loj 2023-yil ishdan bo‘shatilgan. Tergovga ko‘ra, u 2018-yildan boshlab ish beruvchisi, donorlar yoki ularning oilalari xabardor bo‘lmagan holda tana a’zolarini olib, boshqa shtatlardagi xaridorlarga yuborgan. Loj aybini tan olgan va o‘tgan yil dekabrda 8 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
Uning rafiqasi Deniz ham shu ishda qatnashgani uchun bir yil ozodlikdan mahrum etilgan. Jasad qismlarini sotib olgan yana olti kishi ham aybini tan olgan va jazoga tortilgan. Garvard rahbariyati Lojning qilmishini tibbiyot sohasi qadriyatiga xiyonat, deya baholagan.
Kelishuvga ko‘ra, jabrlangan oilalarga moliyaviy yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, universitet 2027-2028 o‘quv yilidan boshlab stipendiya ajratishni rejalashtirmoqda. Garvard anatomik donorlik dasturida amalga oshirilgan o‘zgarishlar haqida oilalarga ma’lumot berishi va Lojning qilmishini qoralovchi bayonot taqdim etishi ham ko‘zda tutilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA