Fuqaroning qonuniy huquqi tiklandi
Sardoba tumani adliya bo‘limiga fuqaro A. Djabarov tomonidan murojaat kelib tushdi. U o‘z murojaatida sobiq “Shaxtaquruvchi” MCHJ tasarrufidagi “Qo‘yitosh” yerosti volfram konida 1993-yil 15-fevraldan 2000-yil 1-aprelgacha, shuningdek 2001-yil 1-noyabrdan 2004-yil 6-yanvargacha zararli va og‘ir mehnat sharoitida faoliyat yuritganini ma’lum qildi.
Biroq korxona tugatilgani sababli ish staji va mehnat sharoitini tasdiqlovchi attestatsiya hujjatlari saqlanib qolmagani uning imtiyozli pensiya olish huquqini rasmiylashtirishda qiyinchilik tug‘dirgan.
Murojaat adliya bo‘limi tomonidan atroflicha o‘rganilib, tegishli tashkilotlardan zarur ma’lumotlar va xulosalar olindi. Shuningdek, amaldagi qonunchilik, jumladan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 22-dekabrdagi “Attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori hamda 2009-yil 18-noyabrdagi “Zararli va og‘ir mehnat sharoitida ishlagan xodimlarning imtiyozli pensiya ta’minotiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori, shuningdek imtiyozli pensiya tayinlash tartibiga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablari tahlil qilindi.
O‘rganishlar natijasida fuqaro manfaatlarini himoya qilish maqsadida adliya bo‘limi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Oqoltin tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.
– Sud muhokamasi davomida ish holatlari har tomonlama va to‘liq o‘rganilib, fuqaro A. Djabarovning “Qo‘yitosh” hamda “Qora-qush” yerosti konlarida 1993-yil 15-fevraldan 2000-yil 1-aprelgacha, shuningdek 2001-yil 1-noyabrdan 2004-yil 6-yanvargacha zararli mehnat sharoitida faoliyat yuritgani yuridik jihatdan o‘z tasdig‘ini topdi, – deydi Sardoba tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Ilhom Yunusov.
Sud qaroriga muvofiq, mazkur davr fuqaroning ish staji sifatida e’tirof etildi va unga qonunchilikka muvofiq imtiyozli pensiya olish huquqi tiklandi. Shu tariqa fuqaroning ijtimoiy himoyaga oid qonuniy manfaatlari ta’minlandi hamda uning pensiya ta’minoti masalasi hal etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri