“Qog‘ozda arzon” savdolarga chek qo‘yiladi
O‘zbekistonda soliq tizimini takomillashtirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va bozorda adolatli raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-mayda qabul qilingan “Soliq bazasini tovarlarning bozor narxlaridan kelib chiqqan holda aniqlash orqali teng raqobat muhitini yaratish to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi muhim hujjatlardan biri bo‘ldi.
Mazkur qaror bilan ayrim tovarlar, avvalo, ko‘chmas mulk ob’ektlari va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasini bozor qiymati asosida hisoblash tartibi tasdiqlandi. Mutaxassislar fikricha, yangi mexanizm bozorda uzoq yillardan buyon saqlanib kelayotgan “qog‘ozda arzon” savdolarga qarshi ta’sirchan vosita bo‘lishi mumkin.
Ma’lumki, amaliyotda ayrim uy-joylar yoki tovarlar hujjatlarda haqiqiy bozor bahosidan ancha past qiymatda rasmiylashtirilib kelingan. Bu orqali ayrim sotuvchilar va tadbirkorlar soliq yukini sun’iy ravishda kamaytirishga harakat qilgan. Natijada davlat byudjetiga tushishi lozim bo‘lgan mablag‘lar qisqargan, bozorda esa noteng raqobat muhiti yuzaga kelgan.
Yangi tartibga ko‘ra, agar shartnomada ko‘rsatilgan narx bozor bahosidan 20 foizdan ortiq farq qilsa, soliq organlari soliq bazasini qayta hisoblash huquqiga ega bo‘ladi. Bunda taqqoslanadigan bozor narxlari usuli qo‘llaniladi.
Soliq organlari bozor qiymatini aniqlashda notarial axborot tizimlari, davlat xaridlari platformalari, elektron savdo maydonchalari, internet resurslari, elektron hisobvaraq-fakturalar, onlayn-kassa ma’lumotlari, bank baholari hamda mustaqil baholovchi tashkilotlar xulosalaridan foydalanishi mumkin.
Qaror ilovasida keltirilgan shartli misol ham yangi tartibning amalda qanday ishlashini ko‘rsatadi. Unga ko‘ra, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 216 kvadrat metrli xonadon 231 million so‘mga sotilgani rasmiylashtirilgan. Biroq shu hududdagi o‘xshash ob’ektlarning o‘rtacha bozor bahosi hisoblab chiqilganda, uyning qiymati 1 milliard 317 million so‘m ekani ma’lum bo‘lgan.
Natijada sotuv narxi bilan bozor bahosi o‘rtasidagi katta tafovut sababli kompaniyaga qo‘shimcha 244,5 million so‘m soliq hisoblangan. Jumladan, 116,4 million so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘i va 128,1 million so‘m foyda solig‘i qo‘shimcha hisoblangan.
Mazkur mexanizm birinchi navbatda ko‘chmas mulk bozorida shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi. Chunki so‘nggi yillarda uy-joylarni haqiqiy qiymatidan ancha past narxda rasmiylashtirish holatlari keng tarqalgan edi.
Yangi tartib faqat ko‘chmas mulk bozori bilan cheklanib qolmaydi. Birinchi bosqichda yog‘och va undan tayyorlangan mahsulotlar ham mazkur tizimga kiritildi. Keyinchalik bu ro‘yxat kengayishi mumkinligi aytilmoqda.
Shu bilan birga, hujjatda soliq to‘lovchilarning huquqlari ham nazarda tutilgan. Agar tadbirkor yoki fuqaro soliq organlari belgilagan bozor bahosiga rozi bo‘lmasa, mustaqil baholovchi jalb qilish yoki shaxsiy kabinet orqali e’tiroz bildirish huquqiga ega.
Bozor mexanizmlarini soliq ma’muriyatchiligiga keng joriy etish nafaqat byudjet tushumlarini oshiradi, balki “soya iqtisodiyoti” ulushini qisqartirish, halol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va investitsiya muhitini yaxshilashga ham xizmat qiladi.
Demak, yangi qaror soliq tizimida shaffoflikni kuchaytirish, yashirin hisob-kitoblarga chek qo‘yish va bozorda teng raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan muhim islohot sifatida baholanmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA