Fransiya neftdan voz kechmoqchi: 240 million yevrolik reja
Fransiya hukumati energiya sohasida jiddiy islohot boshladi. Bosh vazir Sebastyan Lekornyu elektrlashtirishni endi faqat ekologik emas, balki milliy xavfsizlik masalasi, deb atadi. Bu qaror Yaqin Sharqdagi urush va neft narxi keskin o‘sishi ortidan qabul qilindi. Hukumatning maqsadi import qilinadigan neft va gazga bog‘liqlikni kamaytirish.
Yangi dastur doirasida Fransiya 240 million yevro sarmoya ajratadi. Bu mablag‘ elektr yuk mashinalari uchun subsidiya, quvvatlantiruvchi qurilmalar va sanoat loyihalariga yo‘naltiriladi. Shuningdek, kam ta’minlangan oilalarga issiqlik so‘ruvchi moslamalar o‘rnatish uchun moliyaviy yordam beriladi. Shu tarzda gaz va neft bilan ishlaydigan tizimlardan voz kechish rag‘batlantiriladi.
Rejaga ko‘ra, mamlakat 2030-yilgacha neft va gazga bog‘liqlikni 60 foizdan 40 foizga tushirmoqchi. Buning uchun transport va binolarni keng miqyosda elektrlashtirish ko‘zda tutilgan. Elektromobillar va quyosh panellariga esa talab ortyapti. Shu bilan birga, Fransiya atom energetikasiga ham tayanishda davom etmoqda.
Mutaxassislar bu qadamni muhim deb baholamoqda, ayrimlar esa bu hali yetarli emasligini aytmoqda. Zero, mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya ulushi hanuz past darajada. Shunga qaramay, Fransiya bu reja orqali Yevropa uchun namuna bo‘lishga harakat qilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA