FIFA Jahon chempionati payti Eronning inqilobdan oldingi bayrog‘ini taqiqlaydi
Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi yana bir bor muxlislarga Jahon chempionati o‘yinlariga inqilobdan oldingi Eron ramzi tushirilgan bayroq yoki kiyim olib kirishni taqiqlamoqchi, deb xabar tarqatdi “The Athletic” nashri.
Eron 2026-yilgi Jahon chempionati guruh bosqichi ikki o‘yinini Los-Anjeles yaqinidagi “SoFi Stadium”da, yana bir bahsni Sietlda o‘tkazadi.
Eron diasporasi a’zolari inqilobdan oldingi bayroqdan o‘ziga xoslik va norozilik ramzi sifatida hamon foydalanib kelmoqda. Qatarda bo‘lib o‘tgan 2022-yilgi Jahon chempionatida ham eronlik ayrim muxlislar jamoaning Angliya, Uels va AQSHga qarshi guruh bosqichidagi o‘yinlari chog‘ida stadionga mamlakatning inqilobiy bayrog‘ini olib kirgan. Faqat o‘shanda ishqibozlarga Islom Respublikasi rejimi tanqid qilingan yozuv bilan kirishga ruxsat berilmagandi.
Avvalroq Eron futbol federatsiyasi 2026-yilgi mundialga borishini tasdiqladi va FIFAga ishtirokni kafolatlovchi talablar ro‘yxatini yubordi. Ular orasida “Eron bayrog‘iga hurmat” ham eslatilgan.
S.Rahimov, O‘zA