Fransiya Maskni tergay boshladi
Ilon Mask va unga tegishli X platformasi Fransiyada jiddiy huquqiy bosimga duch keldi.
Parij prokuraturasi ijtimoiy tarmoq va milliarderning sun’iy intellekt tizimi “Grok” faoliyati yuzasidan tekshiruv rasman jinoiy ish darajasiga ko‘tarilganini ma’lum qildi.
Farang tergovchilari platformani bolalarga nisbatan noqonuniy kontent, jinsiy xususiyatga ega “deepfake” tasvirlar, noxolis axborot va insoniyatga qarshi jinoiy holatlarni yoqlaydigan materiallar tarqatishda gumon qilmoqda. Tergov markazida esa “Grok” chat-botining ayrim postlari turibdi.
Mojaro "Grok" platformasining internetda kuchli tanqidga uchragan javobidan keyin avj oldi. Chat-bot ayrim foydalanuvchilar so‘roviga javoban jinsiy mazmundagi soxta tasvirlar tarqatgan. Shuningdek, Osvensim lageri haqidagi bahsli bayonoti bilan ham keskin reaksiya uyg‘otgan. Keyinchalik tizim avvalgi javoblari noto‘g‘ri bo‘lganini tan olgan.
Fransiya hukumati fevral oyida X tarmog‘ining Parij ofisida tintuv o‘tkazgan edi. Mask bu harakatni “siyosiy hujum” deb atadi. Shu bilan birga prokuratura Ilon Mask va kompaniyaning sobiq rahbari Linda Yakkarinoni so‘roqqa chaqirgan.Ular hozircha tergovga kelmagan. Poytaxt prokuraturasi bu holat ish jarayoniga to‘sqinlik qilmasligini bildirdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA