Yaqin Sharqdagi urush kimga foyda keltiryapti?
Eron atrofidagi urush va Hurmuz bo‘g‘ozidagi inqiroz jahon iqtisodiyotiga kuchli zarba bermoqda. Neft narxi oshib, millionlab oila va biznes xarajat bosimi ostida qolgan bir payt, ayrim yirik kompaniyalar rekord darajada foyda ko‘rmoqda. Ayniqsa, neft-gaz gigantlari.
Ayniqsa, neft-gaz gigantlari. Masalan, BP yil boshida foydasini ikki barobardan ko‘proq oshirib, 3,2 milliard dollar ishladi. “Shell” esa birinchi chorakda 6,9 milliard dollar daromad qildi. “Total Energies” foydasi ham keskin o‘sib, 5,4 milliard dollarga yetdi. Bu kompaniyalar neft bozoridagi keskin tebranishdan behisob daromad olmoqda.
Urush moliya sektorini ham jonlantirdi. “JP Morgan Chase” savdo amaliyotidan 11,6 milliard dollarlik tushum qayd etdi. Investorlar xavfli aktivdan chiqib, xavfsiz bozorga o‘tayotgani yirik banklar uchun keng imkoniyat yaratdi. “Goldman Sachs” va “Morgan Stanley” kabi moliyaviy gigantlar ham yuqori daromad ko‘rmoqda. Mojarodan eng tez foyda ko‘rayotgan sohalardan yana biri — mudofaa sanoati. “BAE Systems”, “Lockheed Martin” va “Northrop Grumman” kabi qurol ishlab chiqaruvchilar buyurtma miqdori keskin oshganini bildirgan. Yevropa va AQSHda hukumatlar havo mudofaasi, dronga qarshi tizim va yangi qurol-yaroq uchun sarf-xarajatni ko‘paytirmoqda.
Urush qayta tiklanuvchi energiya sohasiga ham turtki berdi. “Next Era Energy” aksiyasi yil boshidan buyon 17 foiz qimmatlashdi. “Vestas” va “Orsted” kabi shamol energetikasi korxonalari ham foyda miqdori ko‘payganini ma’lum qildi. Mutaxassislar fikricha, neft inqirozi davlatlar va iste’molchilarni muqobil energiya manbalariga tezroq o‘tishga majbur qilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA