Fraksiya rahbari Qoraqalpog‘istonga tashrifini Beruniy tumanidan boshladi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatovning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifining ilk manzili Beruniy tumani bo‘ldi.
Dastlab, tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, “Rayhon Apparel” eksportyor fabrikasi faoliyati bilan tanishdi. Ushbu fabrikada 450 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan band bo‘lib, korxonada barcha ishlar zamonaviy, chet el texnologiyasi asosida jihozlangan. Tayyor trikotaj mahsulotlari Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinadi. Tuman iqtisodiyotining rivojiga va aholini ish bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan fabrikada ishchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Tashrif davomida Ulug‘bek Inoyatov korxona ishchilari bilan samimiy muloqot qilib, ularning mehnat faoliyati, yaratilgan shart-sharoitlar va kelgusidagi rejalar bilan qiziqdi. So‘ngra tumandagi mahallalar faoliyatini o‘rganib, aholi bilan ochiq muloqot qildi. Shuningdek, "Mustaqillik" mahalla fuqarolar yig‘inida “mahalla yettiligi”ning faoliyatini o‘rgandi. Shu yerda saylovchilar va hudud nuroniylari bilan uchrashdi.

Ochiq muloqot davomida mahallada aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bandlikni ta’minlash, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Shuningdek, “mahalla yettiligi” faoliyati samaradorligini yanada oshirish, aholi murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni hududlarda samarali amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.

Tuman markazidan ancha olisda joylashgan ushbu Mustaqillik mahallasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Sayyora Imamova tashabbusi bilan 2,3 kilometr uzunlikda piyodalar yo‘lakchasini qurish uchun 1 milliard 600 million so‘m mablag‘ ajratildi. Mazkur tashabbus mahalla aholisi tomonidan yillar davomida bildirib kelingan murojaatlarning ijobiy hal etilishida muhim qadam bo‘ldi. Natijada mahalla hududida joylashgan 28- va 42-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablariga qatnovchi o‘quvchilar, shuningdek, aholining xavfsiz harakatlanishi uchun zarur shart-sharoit yaratiladi.
Albatta, bu loyihalar davlatimiz Mustaqilligining 35 yilligiga hudud aholisi uchun munosib sovg‘a bo‘ldi. Bu esa xalqimizning bugunidan rozi bo‘lib yashashi, ertangi kunga ishonchini mustahkamlashi bilan ahamiyatlidir.
Tadbirlar davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi rahbari U.Inoyatovga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi S.Imamova va O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi rahbari X.Yeshimbetov hamrohlik qildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri