Farg‘onada raqamli kasblar imkoniyatlari taqdim etildi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahridagi viloyat axborot-kutubxona markazida “Yosh mobilograflar maktabi” va “SMM maktabi” loyihalari bitiruvchilari ishtirokida taqdimot bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat idoralari, tashkilot va muassasalar, yirik sanoat va xizmat ko‘rsatish korxonalari vakillari, tadbirkorlar, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
[gallery-30684]
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshid Ahmedov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi mas’ul xodimi Rustam Xalilov so‘zga chiqib, mazkur loyihalarning ahamiyati, yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirishdagi o‘rni haqida so‘z yuritdi. Ta’kidlanganidek, “2025–2027-yillarga mo‘ljallangan ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va media platformalari uchun kontent tayyorlash hamda keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha dastur” ijrosi doirasida mamlakatimizda “Mobilograflar maktabi” va “SMM maktabi” loyihalari izchil amalga oshirilmoqda.
Qayd etilganidek, loyiha doirasida respublika bo‘yicha 10 ming nafardan ortiq o‘g‘il-qiz ta’lim olib, zamonaviy media sohasida faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Jumladan, Farg‘ona viloyatida 200 nafardan ziyod SMM mutaxassisi va 100 nafardan ortiq mobilograf tayyorlangan.
Tadbirda “Mobilograflar maktabi” va “SMM maktabi”ning faoliyati, o‘quv jarayonlari, shuningdek, dastur bitiruvchilari bo‘lgan farg‘onalik yoshlarning amaliy ishlari va erishgan natijalari taqdim etildi.
Taqdimot davomida tashkilotlar faoliyatini zamonaviy talablar asosida yoritish, professional media-kontent yaratish, raqamli marketing vositalaridan samarali foydalanish hamda ijtimoiy tarmoqlarda faol ish olib borish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida davlat va xususiy sektor vakillariga loyiha bitiruvchilarining kasbiy salohiyatidan samarali foydalanish, ularni ish bilan ta’minlash, shuningdek, tashkilotlarning media faoliyati va ijobiy imijini yanada mustahkamlash yuzasidan tavsiyalar berildi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA