Forishda an’anaviy taomlar maskani qad rostladi (+video)
Jizzaxning so‘lim va bag‘ri keng Forish tumani bugun nafaqat betakror tabiati, balki milliy qadriyatlarni asrab-avaylashga qaratilgan ezgu tashabbuslari bilan ham e’tibor qozonmoqda. Ayniqsa, tumanda gastronomik turizmni rivojlantirish, xalqimizning asrlar qa’ridan yetib kelayotgan milliy taomlarini keng targ‘ib qilish borasidagi ishlar hududning yangi qiyofasini namoyon etyapti.
Ana shunday xayrli tashabbuslardan biri Forish tumanining “Nurak” mahallasida qad rostlagan an’anaviy taomlar maskanidir. Viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur majmua milliy taomlarimiz, xususan, qadimiy go‘ja tayyorlash an’anasini zamonaviy servis bilan uyg‘unlashtirgani bilan ahamiyatlidir.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2024-yil 18-iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida ichki va gastronomik turizmni rivojlantirish, milliy turizm brendini shakllantirish hamda hududlarda sayyohlar uchun jozibador maskanlar tashkil etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Forishda hayotga tatbiq etilgan mazkur loyiha ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘lmoqda.
Bir muddat muqaddam Forish tumanida bo‘lgan Jizzax viloyati hokimi hududning boy turistik imkoniyatlarini chuqur o‘rganib, milliy taomlar orqali sayyohlarni jalb qilish, aholi bandligini ta’minlash va xizmatlar sohasini kengaytirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq vazifalar belgilab bergan edi. Qisqa fursatda bu tashabbus amaliy natijaga aylanib, Nurak mahallasida milliy ruh va zamonaviylik uyg‘unlashgan go‘zal maskan bunyod etildi.
Majmuaning tashqi qiyofasida xalqimizning boy me’moriy an’analari mujassam bo‘lgan. Ayvonlari milliy naqshlar, hunarmandchilik bezaklari bilan ziynatlangan. Shuningdek, tabiat bilan uyg‘unlashgan muhit mehmonlarda iliq taassurot uyg‘otadi. Eng muhimi, bu yerda sanitariya-gigiyena talablari, xizmat ko‘rsatish madaniyati va zamonaviy servis to‘liq yo‘lga qo‘yilgan.
Bu maskanning eng katta fayzi xalqimizning eng qadimiy taomlaridan biri go‘jadadir. Mazkur taom nafaqat xalqimizning sevimli milliy ne’mati, balki o‘zbekona mehmondo‘stlik timsoli sifatida ham qadrlanadi. Forishga tashrif buyurayotgan mahalliy va xorijiy mehmonlar bu yerda milliy taomlar orqali xalqimizning qadriyatlari va mehr-oqibatini yurakdan his etishmoqda.
Maskanning ochilish marosimi esa haqiqiy milliy bayramga aylandi. Nuroniylar duosi, yoshlar shodiyonasi, milliy kuy-qo‘shiqlar va qadimiy urf-odatlar tadbirga alohida fayz bag‘ishladi. Ayniqsa, xorijiy mehmonlarning o‘zbek milliy taomlariga bo‘lgan qiziqishi yig‘ilganlarda faxr va iftixor tuyg‘usini uyg‘otdi.
E’tiborlisi, bu kabi maskanlar nafaqat sayyohlar oqimini ko‘paytirmoqda, balki milliy taomlarimiz, urf-odat va qadriyatlarimizning umrini uzaytirishga ham xizmat qilmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari