Firuzjani yenggan Vashe-Lagrav Sindorovga qarshi dona suradi
Bugun, 16-may kuni Ruminiya poytaxti Buxarest shahrida davom etayotgan shaxmat bo‘yicha “Superbet Chess Classic Romania 2026" xalqaro turnirining 3-turida hamyurtimiz Javohir Sindorov qora donalarda fransiyalik Maksim Vashe-Lagrav qarshiligini yengishga harakat qiladi.
Mukofot jamg‘armasi 475 ming AQSH dollaridan iborat mazkur turnirning kecha o‘tkazilgan 2-tur bahsida Javohir Sindorov oq donalarda hindistonlik Rameshbabu Praggnanandxa bilan kuch sinashdi.

Teng kurashlar ostida o‘tgan o‘yinning 20-22-yurishlar holatidagi noaniqlik hindistonlik shaxmatchini ustunlikka olib chiqdi va bu oxir-oqibat Sindorovning ochko yo‘qotishi bilan yakunlandi.
Mazkur turda fransiyalik Maksim Vashe-Lagrav qora donalarda hamyurti Alireza Firuzjani, germaniyalik Vinsent Kaymer oq donalarda ruminiyalik Bogdan-Daniel Dikni mag‘lubiyatga uchratdi.
Jorden van Forest (Niderlandiya) - Uesli So (AQSH), Fabiano Karuana (AQSH)- Anish Giri (Niderlandiya) o‘rtasidagi o‘yinlarda murosa yo‘li tanlandi.

Eslatib o‘tamiz, turnirda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan shaxmatchi 100 ming, 2-o‘rin sohibi 65 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi. Shuningdek, qolgan pog‘onalardan joy egallagan shaxmatchilar ham belgilangan miqdordagi mukofot summalariga ega chiqadi.
9 ta turdan iborat musobaqalar 23-mayga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA