Fermer ayollar – qishloq xo‘jaligi tayanchi
Namangan viloyatida bugungi kunda jami 6 ming 983 fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Shundan 119 nafar ayol paxta-g‘alla yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklariga rahbarlik qilmoqda. Ularning aksariyati ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lib, zamonaviy agrotexnologiyalarni o‘zlashtirish orqali yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Hozirga qadar 26 nafar ayol fermer “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani ham jonkuyar opa-singillarimizning mehnatiga berilgan munosib baho.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va xotin-qizlarning tadbirkorlik hamda fermerlikdagi faolligini oshirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Namanganda O‘zbekiston Fermerlari kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Ayollar boshqarayotgan fermer xo‘jaliklarida yangi innovatsiyalar bilan samaradorlik va daromadni oshirish yo‘llari” mavzusidagi mintaqaviy amaliy seminar ham ayni shu maqsad ijrosiga qaratildi.
Ushbu amaliy anjumanda Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida faoliyat yuritayotgan fermer ayollar, Fermerlar kengashi mutasaddilari, mahalliy hokimliklar hamda tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etdi.
O‘zaro tajriba almashish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va innovatsion yondashuvlarni ommalashtirishda muhim maydon vazifasini o‘tagan tadbirda ishtirokchilar dastavval To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Iftixor kiyim sanoat” klasterida bo‘lib, paxta xomashyosini qayta ishlab chiqarish faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Namangan viloyati Fermerlari kengashi raisi Nosirjon Qayumov o‘z so‘zida ayol fermerlarning mehnati nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda, balki qishloq aholisi bandligi va farovonligini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, Namangan viloyatida bugungi kunda jami 6 ming 983 fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Shundan 119 nafar ayol paxta-g‘alla yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklariga rahbarlik qilmoqda. Ularning aksariyati ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lib, zamonaviy agrotexnologiyalarni o‘zlashtirish orqali yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Hozirga qadar 26 nafar ayol fermer “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani ham jonkuyar opa-singillarimizning mehnatiga berilgan munosib baho.
Anjuman qatnashchilari tanishgan “Iftixor kiyim sanoat” klasteri Namangan viloyati sanoatida alohida o‘rin tutib, bu yerda “xomashyodan mahsulotgacha” tamoyili asosida ish tashkil qilinib, paxta xomashyosini yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlar bajariladi.
Umumiy loyiha qiymati 185 million yevroga teng mazkur tekstil-to‘qimachilik korxonasining birinchi va ikkinchi bosqichlari ishga tushirilgan bo‘lib, ayni vaqtda ularda jami 2 mingdan ziyod ishchi-xodimlar mehnat qilmoqda.
Jamiyat ish boshqaruvchisi Diyorbek Ortiqovning qayd etishicha, joriy yilning birinchi yarmida klaster tomonidan 10 ming tonna kalava ip ishlab chiqarildi. 700 mingga yaqin erkaklar va ayollar kiyimlari tikildi. Natijada, Germaniya, Polsha, Turkiya, Misr, Xitoy va Rossiya davlatlariga jami 10 million dollarlik mahsulotlar sotildi. Pirovardida, eksport salohiyati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 50 foizga oshdi.
Klaster tomonidan Namangan viloyatining Norin, Uychi, Uchqo‘rg‘on, Mingbuloq va To‘raqo‘rg‘on tumanlaridagi 400 dan ziyod fermer xo‘jaliklari bilan tuzilgan fyuchers shartnomalari asosida paxta xomashyosi qabul qilinmoqda.
“Iftixor kiyim sanoat” klasteri rahbari, “Do‘stlik” ordeni sohibi, senator Anna Dobrix yangi “oq oltin” mavsumida alohida jonbozlik ko‘rsatadigan fermer xo‘jaliklari rahbarlari munosib rag‘batlantirilishi, xususan, Umra ziyoratiga jo‘natilishini ta’kidladi.
Anjuman dasturi doirasida navbatdagi manzil Uchqo‘rg‘on tumanining qo‘shni Qirg‘iz Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lgan Yangiyer qishlog‘ida joylashgan “Gulxumor” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi bo‘ldi.
Shijoatli fermer, “Do‘stlik” ordeni va “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan, 70 yoshni qarshi olgan Gulxumor aya Tog‘ayeva rahbarligidagi ming gektardan ziyod xo‘jalikda 1 ming 115 nafar ishchining sa’y-harakatlari bilan g‘alla, paxta, intensiv bog‘dorchilik, meva-sabzavotchilik, issiqxona va baliq yetishtirilib, shartnomaviy reja ortig‘i bilan ado etilib, salmoqli yutuqlarga erishilmoqda.
Xo‘jalik qoshidagi tikuvchilik va non ishlab chiqarish sexlari aholi farovonligi, xususiy shifoxona salomatlikni mustahkamlash, xalqaro xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktab internati yosh avlodga puxta bilim berish, suzish havzasi va sport majmuasi aholining sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qilmoqda.
– Garchi 70 yoshni qarshi olgan bo‘lsa-da, yoshlardan aslo qolishmaydigan g‘ayrat-shijoatga ega bo‘lgan matonatli fermer Gulxumor opaning “Daladan – xirmongacha, mahsulotdan – eksport va dunyo miqyosigacha” tamoyili asosidagi intilishlariga qoyil qolib, havas qildik, – deydi seminar ishtirokchilaridan biri, Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanidagi “Obod vodiy saxovati” fermer xo‘jaligi rahbari Zeboxon Turdialiyeva. – Darhaqiqat, agrar tarmoqdagi bunday intilishlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yuqori hosildorligi va sifatini ta’minlash, aholi uchun barqaror ish o‘rinlarini yaratish, zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yondashuvlarni oshishiga xizmat qiladi. Anjumandan kelib chiqqan holda, paxta va g‘allachilikdagi yo‘nalishimni kelgusida chorvachilik hisobiga kengaytirishga ahd qildim.
Anjumanda Namangan viloyatimizdagi ilg‘or ayol fermerlardan Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Gulxumor” fermer xo‘jaligi rahbari Gulxumor Tog‘ayeva, Uychi tumanidagi “Barnogul Ziyo Fayz” fermer xo‘jaligi rahbari Ra’noxon Qoriyeva, Mingbuloq tumanidagi “Mukaddas zamin saxovati” fermer xo‘jaligi rahbari Feruzaxon Mirmaxmudova kabi tashabbuskor rahbarlar alohida e’tirof etildi. Ushbu fermer xo‘jaliklari o‘tgan mavsumda paxtadan o‘rtacha 45-50 sentner, joriy yilda esa g‘alladan 80-90 sentnergacha hosildorlikka erishgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Binobarin, bunday ko‘rsatkichlar ilm-fan yutuqlari va ilg‘or agrotexnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish natijasidir.
– Bugungi kunda fermer xo‘jaliklarida samaradorlikni oshirishning eng muhim omili innovatsion yondashuv hisoblanadi. Innovatsiya, deganda faqat yangi texnika emas, balki yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etish va bozor talabiga mos mahsulot yetishtirish tushuniladi, – deydi O‘zbekiston Fermerlari kengashi bo‘lim boshlig‘i Barnoxon Mirzamova. – Ayollar boshqarayotgan fermer xo‘jaliklarida daromadni oshirish uchun bir qator yo‘nalishlar muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, suv tejovchi texnologiyalari – tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini keng joriy etish, yuqori hosildor va iqlim o‘zgarishiga chidamli navlardan foydalanish, mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalarni agrokimyoviy tahlil asosida qo‘llash, dronlar, “GPS” va raqamli monitoring tizimlaridan foydalanish orqali yer maydonlarini nazorat qilish; qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, qadoqlash va brendlash orqali qo‘shimcha qiymat yaratish, elektron savdo platformalari va eksport bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, fermerlarning doimiy bilim va malakasini oshirish, xorijiy tajribalarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Mazkur yo‘nalishda joriy yil boshida Mingbuloq tumanidagi ikki nafar ayol fermer – Feruzaxon Mirmaxmudova va Gulsara Jo‘rayeva Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib, paxtachilik va g‘allachilik sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganib qaytdi. Bunday tajribalarni fermerlar o‘rtasida ommalashtirish yuqori iqtisodiy samara beradi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, innovatsion texnologiyalarni bosqichma-bosqich joriy etish orqali ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, hosildorlikni oshirish va fermer xo‘jaliklarining daromadini sezilarli darajada ko‘paytirish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, ayol fermerlar nafaqat muvaffaqiyatli rahbar, balki qishloq xo‘jaligida innovatsiyalar tashabbuskori hamdir. Ularga zamonaviy bilim, ilg‘or texnologiyalar, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va tajriba almashish imkoniyatlarini yanada kengaytirish orqali viloyatimizda qishloq xo‘jaligi samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish mumkin.
Zotan, ilmiy-amaliy seminarda bildiriladigan taklif va tavsiyalar ayollar boshqarayotgan fermer xo‘jaliklarida innovatsion rivojlanishni yanada jadallashtirishga turtki berishi shubhasiz.
[gallery-30676]
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat),
O‘zA muxbirlari