Farmatsevtika sifatini nazorat qilish tizimida muhim yutuqqa erishildi
«Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasining Sinov markazi O‘zMSt ISO/IEC 17043:2025 talablari asosida malaka sinovlari provayderi sifatida akkreditatsiyadan o‘tdi. Bu haqda Markaz matbuot xizmat xabar berdi.
Akkreditatsiya natijalariga ko‘ra, Sinov markaziga O‘ZAK.MP.0007 akkreditatsiya raqami berildi va u O‘zbekiston milliy akkreditatsiya tizimi reyestriga kiritildi.
Mazkur akkreditatsiya Sinov markazining malaka sinovlarini belgilangan talablar asosida rejalashtirish, tashkil etish, o‘tkazish hamda natijalarini baholash bo‘yicha kompetentligini tasdiqlaydi. Bu esa farmatsevtika laboratoriyalari faoliyatini xolis baholash, sinov natijalarining ishonchliligi va taqqoslanuvchanligini oshirish, mamlakatimiz laboratoriyalarining malaka sinovlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, xalqaro malaka sinovlari dasturlarini tashkil etish va ularda xorijiy laboratoriyalar ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.
Mazkur natija O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari sifatini nazorat qilish tizimini xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish, laboratoriyalar kompetentligini oshirish va ushbu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
M.Qosimova, O‘zA