Farg‘onada xalqaro yoshlar forumi
2025-yil. 15-16-oktabr. Farg‘ona shahrida tinchlik forumi bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning ko‘plab mamlakatlari vakillari, xalqaro tashkilotlar mas’ullari, qo‘shni davlat viloyatlari rahbarlari, olimlar, siyosatchilar ishtirok etdilar. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan muhim xalqaro maydonga aylangan ushbu forum yagona do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik makonini shakllantirishga zamin yaratdi.
Mana endi, bugun, 2026-yil 22-iyun kuni Farg‘ona yana xalqaro munosabatlar maqomini oldi. Bu gal bu yerda qator xalqaro tashkilotlar ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI), O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan “Yosh tinchlikparvarlarning chegaraoldi hamkorlik tashabbusi” xalqaro yoshlar seminari tashkil etildi.
[gallery-30041]
– Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston yoshlari vakillarini birlashtirgan "Yosh tinchlikparvarlarning chegaraoldi hamkorlik tashabbusi" xalqaro seminari bugungi yoshlar mintaqada ishonchni mustahkamlash va umumiy kelajakni barpo etishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lganini ko‘rsatmoqda, – dedi forumning ochilishida so‘zga chiqqan Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov.

– Forumning eng katta maqsadi yoshlarni birlashtirish. U iqtisod, madaniyat, sport sohasida bo‘ladimi, ta’lim, kitobxonlikda bo‘ladimi, bugungi avlod mamlakatlar manfaati yo‘lida hamjihat bo‘lmog‘i lozim,– deydi O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev. – Shu yoshlarning birlashishi natijasida mamlakatlar iqtisodi rivojlanadi. Shuning uchun yoshlar orasida “Biz raqobatchi emas, hamkormiz” shiorini oldinga suryapmiz.

Markaziy Osiyo yoshlarining Farg‘onadagi forumi shu nuqtai nazardan ham ahamiyatlidir.
Ishtirokchilarning aksariyati oktabr oyida bo‘lib o‘tgan anjumanda qatnashgan. Bugun esa o‘shanda qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishni davom ettirishmoqda.
– Shunday paytlar bo‘ldiki, biz chegaradosh O‘zbekiston yoki Qirg‘iziston yoshlari nima bilan band, ularning orzu-umidlari qanday, bilmas edik. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan mamlakatlar bir-biriga eshigini ochdi. Ayni choqda chegaradosh mamlakatlar yoshlari ham endi yaqin do‘st, hamkorga aylandi, – deydi Tojikiston yoshlari delegatsiyasi a’zosi Amir Mirzaboyev. – Farg‘ona yoshlar forumidan umidimiz katta. Biz endi avval belgilangan rejalarni qanday amalga oshirayotganimizni sarhisob qilamiz.

– Bu yerda qilingan bayonotlar barchasi menga yoqdi. Sababi bular asoslidir, – deydi Qirg‘iziston yoshlar delegatsiyasining a’zosi Feruza Sultonbek qizi. – Biz yoshlar ayniqsa chegaraoldida millatlar, xalqlar, davlatlarning birlashuvini mustahkamlashga hissa qo‘shishimiz kerak.
– Tojikiston yoshlari nomidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildiramiz. Ular biz yoshlarga ajoyib do‘stlik festivalini tashkil qilib berdilar, – deydi Tojikiston yoshlar delegatsiyasining a’zosi Yodgoryon Farzona. – Men O‘zbekiston xalqini sevaman.

Yoshlar forumida so‘zga chiqqanlar yosh tinchlikparvarlar tomonidan ishlab chiqilgan g‘oyalar mintaqadagi yoshlar hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi. Chegaraoldini o‘tmishdagi kelishmovchiliklar hududidan barqaror rivojlanish va do‘stlik makoniga aylantiradigan muloqotni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etish lozimligini ta’kidladilar.
Forumda Farg‘ona viloyati hokimi chegaraoldi hududida qo‘shni davlatlar yoshlari uchun o‘n kunlik muloqot lageri tashkil etishni, unda yoshlar munozara klublari, sport musobaqasi, mahalliy turizmi uchun barcha sharoit yaratib berilishini va’da qildi. Shuningdek, Farg‘ona davlat universiteti qoshida Markaziy Osiyo davlatlari yoshlarining ilmiy-tadqiqot klubini ochishni taklif etdi.
– Markaziy Osiyoni yoshlik davlati degim keladi. Chunki bu mamlakatlarda ularning ulushi 60-70 foizdan ko‘p. Bugun yoshlarga qilinayotgan investitsiya aslida davlatlarning farovon kelajagi, porloq taraqqiyotini ta’minlash va tinchligini saqlashga qilinayotgan investitsiyadir, – deydi BMTning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Kaxa Imnadze. – Zero, har qanday muammo muloqotda yechim topadi. Qolaversa, yoshlar kelajakni bizdan-da tiniqroq tasavvur qiladilar.

Forum “Markaziy Osiyo uchun BMTning Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi” va “YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi” hamkorligida o‘tkazilmoqda. Bu esa mazkur tashabbusning xalqaro ahamiyati va nufuzli xalqaro institutlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini yaqqol namoyon etadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/W0j9qMnkTDs" title="Farg‘onada xalqaro yoshlar forumi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video), O‘zA
Fotosuratlar Muqimjon Qodirovniki.