Farg‘onada qurilish korxonalari samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan “Kaizen” seminari o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona davlat texnika universitetida qurilish sohasidagi korxonalar samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan “Kaizen” amaliy seminari o‘tkazildi.
Mazkur tadbir Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 25-iyun kuni o‘tkazilgan qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish hamda Farg‘ona viloyatini namunaviy hududga aylantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
[gallery-30226]
Seminarda iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayev, Farg‘ona viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Mirzohid Ubaydullayev, shuningdek, qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan 100 ga yaqin kompaniya vakillari ishtirok etdi.
Interaktiv formatda tashkil etilgan tadbirni “Kaizen Institute Russia” bosh direktori Vitaliy Vasilev, institutning rivojlanish bo‘yicha direktori Igor Pomochilin hamda uning O‘zbekistondagi ofisi rahbari Sokrat Sarkisyan olib bordi.
Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad qurilish sohasiga zamonaviy boshqaruv yondashuvlari va innovatsion yechimlarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish, korxonalar samaradorligi hamda raqobatbardoshligini oshirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga “Kaizen” tamoyillari, uzluksiz takomillashtirish madaniyatini shakllantirish, ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarini samarali tashkil etish bo‘yicha nazariy va amaliy ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, “Kaizen” biznes-tizimini korxonalar faoliyatiga tatbiq etishning ilg‘or tajribalari hamda samarali jamoalarni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Dastur doirasida “Kaizen” asoslari, biznes-tizimning ustunliklari, ilg‘or amaliyotlar, “Samarali jamoalarni yaratish” mavzusida biznes-o‘yin va savol-javob sessiyalari tashkil etildi.
Tadbir qurilish kompaniyalari uchun nafaqat nazariy bilim, balki amaliy tajriba va yechimlar almashish maydoniga aylandi. Ishtirokchilar resurslardan samarali foydalanish, ichki jarayonlarni takomillashtirish, ish sifati va mehnat unumdorligini oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashdi.
Seminar yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi. Shu bilan birga, qurilish sohasida zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini bosqichma-bosqich joriy etishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, bu ishlar keyingi bosqichda qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini joyiga chiqqan holda o‘rganish, mavjud muammo va imkoniyatlarni diagnostika qilish hamda korxonalar samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq amaliy tavsiyalar ishlab chiqish orqali davom ettiriladi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA