Farg‘onada chim ustida xokkey: muvaffaqiyatlar, raqamlar va oldindagi rejalar
Toshkent shahrida 16 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida chim ustida xokkey bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bahslari bo‘lib o‘tdi. Musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, kubokni qo‘lga kiritgan Farg‘ona viloyati jamoasi murabbiyi Abdulhamid Vahobov bilan jamoaning bugungi faoliyati va kelajakdagi rejalari haqida suhbatlashdik.
– Abdulhamid aka, avvalo g‘alaba muborak bo‘lsin! Bugungi kunda viloyatda chim ustida xokkey bilan shug‘ullanayotgan yoshlar soni va sharoitlar haqida gapirib bersangiz.
– Tashakkur. Bugungi kunda federatsiyamiz tomonidan Quva, Toshloq, Qo‘shtepa, Yozyovon tumanlari hamda Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida chim ustida xokkey bo‘limlari tashkil etilgan. Viloyatimizda sun’iy qoplamali maydonlarda umumiy hisobda 567 nafar yosh ushbu sport turi bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Ularning 400 nafari qiz, 167 nafari o‘g‘il boladir.

– Yaqinda qo‘lga kiritilgan O‘zbekiston kubogi bahslari qanday kechdi?
– O‘zbekiston kubogi uchun mamlakatimizning 8 ta eng kuchli jamoasi ikki guruhga bo‘lingan holda kurash olib bordi. Jumladan, Namangan, Qashqadaryo, Buxoro va Toshkent shahri jamoalariga qarshi kechgan murosasiz o‘yinlarda qizlarimiz yuqori mahorat va matonat ko‘rsatishdi.
Yarim finalda Toshkent shahri jamoasini mag‘lub etib, finalga yo‘l oldik. Hal qiluvchi bahsda esa Xorazm xokkeychilari ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, O‘zbekiston kubogini Farg‘onaga olib keldik.
– Jamoaning oldinda turgan asosiy rejalari va musobaqalari haqida to‘xtalsangiz.
– Bu yilgi rejalarimiz juda katta. Ayni paytda bir nechta yosh toifalari bo‘yicha tayyorgarlikni davom ettiryapmiz, 24–29-avgust kunlari Xorazm viloyatining Urganch shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi turnirda qatnashamiz. Noyabr oyi oxirida Buxoro va Xorazmda o‘tkaziladigan Prezident olimpiadasining final bosqichida ishtirok etamiz. Bu musobaqaga 12–14 yoshli iqtidorli qizlarimizdan iborat terma jamoani puxta tayyorlayapmiz.

Maqsadimiz yagona – barcha yosh toifalaridagi musobaqalarda Farg‘ona chim ustida xokkey maktabining yuqori mavqeini saqlab qolish va faqat birinchi o‘rinlar uchun kurashish.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA