Bir nuroniy — o‘n yosh taqdiriga mas’ul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish, boy hayotiy tajribasi va ma’naviy salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, yoshlar tarbiyasidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga qaratilgan qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Boyovut tumanida «Bir nafar nuroniy — o‘n nafar yoshga mas’ul» mavzusidagi ko‘rik-tanlovning tuman bosqichi o‘tkazildi.
Tuman «Yoshlar markazi» binosida tashkil etilgan tadbirda mahallalarda yoshlar bilan ishlashda faol ishtirok etayotgan nuroniylar, mas’ullar va jamoatchilik vakillari qatnashishdi.

Tadbirning ochilish qismida tuman rahbari Niyoz Hazratqulov so‘zga chiqib, nuroniylarning ko‘p yillik hayotiy tajribasi, boy ma’naviy merosi, ibratli hayot yo‘li va dono maslahatlari yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, mehnatsevarlik hamda yuksak insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Shuningdek, yoshlar bilan ishlashda nuroniylarning faol ishtirokini ta’minlash, ularning hayotiy tajribasidan samarali foydalanish va avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikni yanada mustahkamlash muhim vazifalardan biri ekani qayd etildi.

Ko‘rik-tanlov davomida ishtirokchilar mahallalarda yoshlar bilan ishlash borasida amalga oshirayotgan ishlari, ma’naviy-ma’rifiy tashabbuslari, yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, turli ijtimoiy loyiha va tadbirlarga jalb qilish borasidagi tajribalari haqida taqdimotlar bilan ishtirok etdilar.

Ishtirokchilarning yoshlar bilan ishlashdagi faolligi, tashabbuskorligi, amalga oshirgan ishlari va ularning samaradorligi, shuningdek, jamoatchilik hayotidagi ishtiroki belgilangan mezonlar asosida baholandi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, 1-o‘ringa Boboyurt mahallasining faol nuroniysi Obloqul Aliyev, 2-o‘ringa Navbahor mahallasidan Abdug‘affor Abdunabiyev, faxrli 3-o‘ringa esa Ijodkor mahallasidan Oyshaxon Usmonova munosib ko‘rildi.

Tadbir yakunida g‘oliblar «Nuroniy» jamg‘armasining faxriy yorliqlari hamda pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri