Farg‘onada ekoturizm rivojlanmoqda
O‘zbekiston o‘zining betakror va xushmanzara tabiati, qadimiy va boy madaniy merosi bilan xorijlik sayyohlarni o‘ziga maftun etib kelmoqda. Bu yurtimizda ekoturizmni yanada rivojlantirish imkoniyatini beradi.
O‘zbekiston o‘zining betakror va xushmanzara tabiati, qadimiy va boy madaniy merosi bilan xorijlik sayyohlarni o‘ziga maftun etib kelmoqda. Bu yurtimizda ekoturizmni yanada rivojlantirish imkoniyatini beradi.Prezidentimiz rahnamoligida ushbu sohani izchil taraqqiy ettirish maqsadida ko‘plab dastur va loyihalar ishlab chiqilib, hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilayotir.
Farg‘ona viloyatida ham ekoturizmni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Sayyohlarning tabiat qo‘ynida maroqli hordiq chiqarishi, go‘zallikdan bahra olishi, nabotot va hayvonot olamining nodir namunalari bilan tanishishi uchun qulay sharoitlar yaratilgan.
– Go‘zal va betakror tabiat, noyob o‘simlik va hayvonot dunyosi, diqqatga sazovor tarixiy-madaniy obidalar ekoturizmni jadal rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi O‘zbekiston Ekologik harakati Farg‘ona viloyati hududiy bo‘limi boshlig‘i A.Avliyoxonov. – Ekoturizmni rivojlantirishda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, tabiiy va tarixiy, me’moriy va arxeologik yodgorliklarni hisobga olish, ularni muhofaza qilish alohida ahamiyatga ega. Bu borada viloyatda ishlab chiqilgan maxsus rejaga ko‘ra, 100 dan ortiq hudud va obyekt tanlab olinib, cho‘l, adir va tog‘ mintaqalarining o‘ziga xos geohududlari o‘rganildi.
“Sirdaryo daryosi to‘qayzorlari” sayyohlik yo‘nalishi shulardan biridir. Daryoning chap sohilidagi 58 kilometrga cho‘zilgan to‘qayzorlarni o‘z ichiga olgan mazkur yo‘nalish rang-barang o‘simlik va hayvonot dunyosi bilan ajralib turadi. O‘z navbatida, bu hududda muhofaza qilinadigan o‘rmonlar, Sariqamish ovchilik, Beshariq va Dang‘ara baliqchilik xo‘jaliklari, Gumxona, Qayroqqum kabi tabiat yodgorliklari mavjud.
Sirdaryo sohili va uning orollaridagi o‘rmonlar, tabiiy o‘rmonlarni qayta tiklash, dorivor o‘simliklarni ko‘paytirish jarayonlari bilan yaqindan tanishish xorijlik sayyohlarga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Hududda asalarichilikni rivojlantirish, o‘rmonlar va suv havzalaridagi hayvonot dunyosini asrash, noyob baliq turlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, qirg‘ovul, to‘ng‘iz, Buxoro bug‘usi, qamish mushugi, olaqo‘zon, bo‘rsiq, bahra baliq, kurak burun, mo‘yli baliqlarni ko‘paytirish uchun tabiiy sharoitlar yaratildi.
“Markaziy Farg‘ona” tabiat yodgorligining umumiy maydoni 142,5 gektar bo‘lib, uning 122 gektarini o‘rmonlar bilan qoplangan do‘ng-marza qumlar, 14 gektarini qamish, oqbosh, yulg‘un o‘sadigan pastqamliklar, 6,5 gektarini sho‘rxok yerlar egallagan. Hududda “Qizil kitob”ga kiritilgan Farg‘ona chipor kaltakesagi, Shtraux qurbaqaboshi, echkiemar, tustovuq, to‘ng‘iz, o‘qilon va ko‘rmailonlar muhofazaga olingan. Bu yerdagi boy o‘simlik va hayvonot olamidan ilmiy, o‘quv-ma’rifiy, estetik va turizm maqsadlarida unumli foydalanish mumkin.
Viloyatning tabiiy suv havzalari bilan bog‘liq yodgorliklari, adir geokomplekslaridagi ekoturistik obyekt va hududlar ham o‘ziga xos. O‘zbekiston tumanida 21 buloq, Uchko‘prik va Rishton tumanlarida 2 buloq, Oltiariq tumanida asriy qayrag‘och va sharq chinori, Quva tumanidagi Akbarobod qumlari singari sayyohlik obyektlari davlat muhofazasiga olingan. Beshariq, O‘zbekiston, Rishton, Oltiariq, Quva va Farg‘ona tumanlaridagi adir va tekisliklarda bog‘lar barpo etildi. Zilha qumlari, Sariqo‘rg‘on tepaligi, Kitkontepa, Saurbuloq, Yomonjar jarlari, qadimiy pistazorlar, Oqbilol g‘ori kabi tabiat yodgorliklari ekoturistik obyektlar ro‘yxatini yanada kengaytiradi.
Ekoturizm nafaqat daromad manbai, balki aholi bandligini ta’minlash va turmush darajasini yuksaltirish, asl tabiat ne’matlarini asrash va muhofaza qilishda eng samarali vositadir. Viloyat hokimligi tomonidan hududda turizm sohasini yanada rivojlantirish va turizm xizmatlari eksportini oshirishni ta’minlashga qaratilgan 2016-2017-yillarga mo‘ljallangan tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. Mazkur hujjat ijrosi doirasida ekoturizm rivojini xalqaro tajribalar asosida yangi bosqichga ko‘tarish ishlari izchil olib borilayotir.