Eron AQSHdan tovon puli talab qilyaptimi?
Eron Oliy rahbari vakili AQSH va Isroildan tovon talab qilishi mintaqadagi keskinlikni kuchaytirdi. Hurmuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat muzokaraning asosiy shartiga aylandi.
Eron Oliy rahbari Mujtoba Humonaiy mamlakat nomidan chiqish qilib, AQSH va Isroil tomonidan amalga oshirilgan hujum oqibatida yetkazilgan zarar uchun badal talab qildi. Uning ta’kidlashicha, yuzaga kelgan qarama-qarshilikda Tehron “nafaqat o‘zini himoya qilgan, balki siyosiy va ma’naviy jihatdan ustun mavqega ega” bo‘lgan. Qolaversa, Islom Respublikasi “urush istamasligi, ammo qonuniy huquqini himoya qilishdan voz kechmasligi”ni bildirgan.
Bayonotda strategik ahamiyatga ega Hurmuz bo‘g‘ozi masalasi ham alohida ko‘tarilib, ushbu hudud ustidan nazorat masalasi yangi bosqichga chiqqani, yo‘nalish AQSH bilan har qanday muzokarada asosiy shartlardan biri sifatida qolishi qo‘shimcha qilingan. Shuningdek, mamlakat rahbari aholini tashqi axborot ta’siriga ishonmaslikka chaqirib, ichki birlik saqlanishi muhimligiga urg‘u berilgan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp bu bayonotga nisbatan keskin munosabat bildirib, agar Eron qo‘yilgan talabni bajarmasa, Vashington qat’iy chora ko‘rishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi navbatda Eron yadroviy dasturdan to‘liq voz kechishi, Hurmuz bo‘g‘ozi orqali xalqaro kemalar xavfsiz harakatini ta’minlashi lozim. Shu shart bajarilmasa, Amerika mintaqadagi harbiy mavqeini saqlab qolishi bildirilgan.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA