AQSH Eron portlariga nisbatan cheklov joriy qiladi (+video)
DW nashri bergan xabarga ko‘ra, AQSH 13-apreldan Eron portlariga nisbatan cheklov joriy qiladi.
Bu qaror ijrosi AQSH Markaziy qo‘mondonligi tomonidan amalga oshiriladi. 13-apreldan boshlab Eron portlariga kirib-chiqayotgan barcha kemalar nazorat qilinadi va kerak bo‘lsa to‘xtatilishi mumkin. Bu cheklov barcha davlatlar kemalariga tegishli bo‘ladi.
Cheklovlar Fors qo‘ltig‘i va O‘mon qo‘ltig‘idagi barcha Eron portlarini qamrab oladi. Shu bilan birga, Hurmuz bo‘g‘ozida va Eronga tegishli bo‘lmagan portlarda kemalar harakatiga to‘sqinlik qilinmaydi.
Bu qaror AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralar natijasiz tugaganidan keyin qabul qilindi. Trampning maqsadi Eronning kemalardan to‘lov olishini cheklash va neft savdosidan tushadigan daromadini kamaytirishdan iborat.
Eron esa Trampning bu bayonotlarini jiddiy qabul qilmadi. Mamlakat harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni Shahram Eroniy AQSHning bunday tahdidlarini mantiqsiz va kulgili deb atadi. Uning aytishicha, Eron harbiylari mintaqada AQSH faoliyatini doimiy ravishda kuzatib bormoqda.
Islomoboddagi muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugaganidan so‘ng neft narxi ham oshdi. Masalan, Brent neftining bir barreli 95 dollardan 102 dollargacha ko‘tarildi.
Tomonlar asosan Eronning yadroviy dasturi va Hurmuz bo‘g‘ozi masalasida kelisha olmadi. Eron bu bo‘g‘ozni nazorat qilish va u orqali o‘tayotgan kemalardan to‘lov olishni istaydi. AQSH esa bunga qarshi chiqmoqda.
Umuman olganda, vaziyat hali ham keskinligicha qolmoqda va tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishilgani yo‘q.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/oIkZcNJI7QE" title="AQSH Eron portlariga nisbatan cheklov joriy qiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA