Erling Xoland: “Menimcha, o‘sha vaziyatda qoida buzilishi bo‘lmagan”
Bu qaror juda yoqimsiz taassurot qoldirdi.
Norvegiya terma jamoasi hujumchisi Erling Xoland JCH–2026 chorak finalida Angliyaga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan uchrashuvda bekor qilingan gol yuzasidan fikr bildirdi.
Norvegiyaliklar safida Torbyorn Heggem gol urgandi, biroq hakam Erling Xolandning Elliot Andersonga nisbatan qoida buzganini qayd etib, golni bekor qilgan.
"Rostini aytsam, hozir ichimda qandaydir bo‘shliq bor. Menimcha, biz bundan ko‘prog‘iga loyiq edik.
O‘sha vaziyatda qoida buzilishi bo‘lgan deb o‘ylamayman. Gol men Elliot Andersonni itarganim uchun bekor qilindi. Ammo deyarli har bir yakkakurashda meni ham xuddi shunday itarishadi.
Bu qaror juda yoqimsiz taassurot qoldirdi", — dedi Xoland.
Eslatib o‘tamiz, Norvegiya Angliyaga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lib, JCH–2026 bilan chorak final bosqichida xayrlashdi.