Er yigit yer sotmaydi...
Noqonuniy yer sotgan kishi haqida eshitganimda o‘tgan asrning 70-yillari so‘nggida maktabda o‘qib yurgan kezlarimda o‘qiganim yozuvchi Oybekning “Qutlug‘ qon” romanidagi Mirzakarimboy jiyani Yo‘lchiga aytgan gaplari yodimga tushdi.
Asarda qishloqdagi 4 tanob yerini sotib, shaharga, tog‘asinikiga kelgan Yo‘lchiga qarata Mirzakarimboy: “Er yigit yer sotmaydi, yer sotgan er bo‘lmaydi. Mana bu gapning mag‘zini chaq jiyan!”, deya uning otasidan qolgan yerni sotganiga ancha achinadi.
Lekin bugungi ba’zi “Mirzakarimboylar” aksincha, noqonuniy bo‘lsa ham, yer sotib tezroq boyishni o‘ylayapti, chog‘i.
Davlat xavfsizlik xizmati Jizzax viloyat boshqarmasi va huquqni himoya qilish idoralari hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda ishbilarmon, tadbirkorlik niqobi ostida ish yuritmoqchi bo‘lgan zamonamiz “Mirzakarimboy”ining qing‘ir ishi o‘tmadi.
G‘allaorol tumanida ro‘yxatdan o‘tgan “Xo‘roz” MCHJ rahbari Aytbay Allamuratov (maqoladagi ism-familiyalar shartli) G‘allaorol tuman hokimligi tomonidan “Ko‘kbuloq” QFY hududidan qishloq xo‘jaligida foydalanish maqsadida MCHJga ajratilgan 10 gektar yerni fuqaro Laqqi Sottiboyevga 200 million so‘mga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Ayni paytda Aytbay Allamuratovga nisbatan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri