Eng mahoratli avtosportchilar Toshkentda aniqlanadi
Ertaga, 5-sentabr kuni poytaxtimiz Toshkentda 8 ta davlatning mahoratli avtosportchilari ishtirokida "Uzbekistan Asia Auto Gymkhana Championship 2026" musobaqasi boshlanadi.
Chempionatning o‘ziga xos jihatlaridan biri - barcha ishtirokchilar uchun teng texnik sharoit yaratiladi. Ya’ni, “UzAuto” ko‘magida sportchilarga “Chevrolet Onix” avtomobillari taqdim etiladi va aynan ushbu avtomobillarda bosqichning eng yaxshi natijalari uchun kurash kechadi.
Musobaqa dasturiga muvofiq, ishtirokchilar standart, avtomatik transmissiyali “Chevrolet Onix” avtomobillarida g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
Bu, bir xil texnikada turli darajadagi avtosportchilarning o‘zaro raqobati bo‘lib, unda mahorat, aniqlik, tezkor reaksiya, avtomobilni his qilish va belgilangan masofani imkoniyatlar chegarasida bosib o‘tish muvaffaqiyat omili sanaladi.
Bugun, 4-sentabr kuni mazkur musobaqa oldidan texnik qo‘mita, hakamlar brigadasi uchun tayyorgarlik yig‘ilishlari o‘tkazilib, musobaqalar tashkil etiladigan trassalar mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA