4-sentabr — Butunjahon taekvondo kuni
Bugun Butunjahon taekvondo kuni. Global e’tirofga sazovor bu sport turi yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga ega.
Bugun, 4-sentabr — Butunjahon taekvondo WT kuni. Ushbu sana dunyoning ko‘plab mamlakatlarida sportning mazkur turiga bo‘lgan e’tiborni yana bir bor namoyon etib, taekvondoning nafaqat bellashuv maydonidagi imkoniyatlari, balki yosh avlodni jismonan va ma’nan kamol toptirishdagi ahamiyatini ham keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Taekvondoning bugungi xalqaro maqomi uning Olimpiya harakatidagi o‘rni bilan ham chambarchas bog‘liq. 1994-yil 4-sentabr kuni Parij shahrida o‘tkazilgan Xalqaro olimpiya qo‘mitasi sessiyasida taekvondoni 2000-yil Sidney Olimpiya o‘yinlari dasturiga rasman kiritish haqida qaror qabul qilingan. Shu tariqa, qisqa vaqt ichida taekvondo dunyo sportining eng nufuzli maydonidan munosib o‘rin egalladi.
2006-yil Vetnamning Xoshimin shahrida o‘tkazilgan Bosh Assambleya yig‘ilishida esa 4-sentabr sanasi Butunjahon taekvondo kuni sifatida belgilandi. Bugun ushbu sana dunyoning ko‘plab mamlakatlarida taekvondoning sport va tarbiyaviy ahamiyatini keng targ‘ib etish, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish maqsadida nishonlanadi.
Taekvondo WT millionlab insonlarni birlashtirgan xalqaro sport turlaridan biri sifatida shakllangan. Uning ommaviyligi, yoshlar o‘rtasida keng tarqalayotgani va yuqori natijalar uchun raqobatning kuchayib borayotgani mazkur sportni rivojlantirishda nafaqat sport natijalarini, balki uzluksiz tayyorgarlik tizimini ham muhim omilga aylantirmoqda.
O‘zbekistonda taekvondo WT’ning rivojlanishi ham ana shu umumiy jarayon bilan uyg‘un. Mamlakatimizda sportni ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, ular uchun zarur sharoitlarni yaratish va yuqori malakali sportchilar zaxirasini shakllantirishga qaratilgan yondashuv taekvondo sohasida ham o‘z samarasini bermoqda.
Mamlakatimizda sportni, xususan, olimpiya sport turlarini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor natijasida taekvondo WT yo‘nalishida xalqaro maydonda munosib natijalar qayd etilmoqda. Eng muhimi, mazkur sport turi yoshlar o‘rtasida keng ommalashib, yangi iste’dodlarni kashf etish va yuqori malakali sportchilar zaxirasini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Shu yil Toshkent shahrida taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘tkazilgani ham mamlakatimizda mazkur sport turini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va yirik xalqaro musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish borasidagi ishlar izchil davom etayotganini ko‘rsatdi.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda o‘zbek taekvondochilari erishayotgan yutuqlar mazkur sport turi mamlakatimizda ommaviylikdan yuqori sport mahoratigacha bo‘lgan yaxlit tizim asosida rivojlanayotganini ko‘rsatmoqda. Olimpiya va jahon chempionlarining yetishib chiqishi esa bu jarayonning eng yuqori samaralaridan biridir.
Bugungi kunda o‘zbek taekvondosi xalqaro maydonda o‘z o‘rniga ega. Ulug‘bek Rashitov, Jasurbek Jaysunov, Shuhrat Salayev, Svetlana Osipova, Ozoda Sobirjonova, Feruza Sodiqova kabi sportchilarning qit’a va jahon miqyosidagi musobaqalarda qayd etayotgan natijalari buning yaqqol dalili.

Ayniqsa, Ulug‘bek Rashitovning ikki karra Olimpiya chempioni sifatida O‘zbekiston sporti tarixida o‘z nomini qoldirgani alohida ahamiyatga ega. Ayollar o‘rtasida taekvondo WT bo‘yicha ham salmoqli natijalar qayd etilmoqda. Svetlana Osipova 2022-yilda jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. «Parij-2024» Olimpiya o‘yinlarida esa kumush medalga sazovor bo‘lib, mamlakatimiz ayol taekvondochilari orasida ilk marotaba Olimpiya shohsupasidan joy olgan sportchiga aylandi.
Para taekvondo yo‘nalishida ham yurtimiz vakillari xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etmoqda. Asadbek Toshtemirov, Guljanoy Naimova, Ziyodaxon Isoqova kabi sportchilarning natijalari bu yo‘nalishda ham keng imkoniyatlar yaratilayotganidan dalolat beradi.
Sportning ommaviyligi yuqori natijalar uchun zarur bo‘lgan zaxirani shakllantirish imkonini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, iqtidorli sportchilarni erta aniqlash, ularning mahoratini muntazam oshirish va milliy terma jamoa tarkibini munosib nomzodlar bilan to‘ldirish uchun muhim omil hisoblanadi.

Qayd etilayotgan natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatimizda ushbu sport turining rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Endigi vazifa esa erishilgan yutuqlarni mustahkamlash, yoshlar orasidan yangi chempionlarni tarbiyalash va O‘zbekiston taekvondosining xalqaro sport maydonidagi nufuzini yanada oshirishdan iborat.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA