Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev Call-markazlar faoliyatini o‘rgandi
Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev aholi murojaatlarini qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish maqsadida "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ hamda "Hududgazta’minot" AJdagi Call-markazlar faoliyati bilan tanishdi.
Unda elektr va gaz ta’minoti sohasida faoliyat yuritayotgan 1154 va 1104 Call-markazlari ishi bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari ko‘rib chiqildi. Tahlillar iste’molchilarni eng ko‘p qiynayotgan masalalarni aniqlab berdi. Xususan, murojaatlarning katta qismi elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar, ASKUE va ASKUG hisobga olish tizimlari bilan bog‘liq muammolar, Call-markazlarga ulanishdagi qiyinchiliklar, murojaatlarga javob berish muddati hamda qayta aloqa sifatini yaxshilash zaruratiga oid bo‘lgan.

"Hududiy elektr tarmoqlari" AJda iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, murojaatlar hajmidan kelib chiqib operatorlar sonini oshirish, rejali va avariyaviy o‘chirishlar haqida mobil ilova orqali tezkor xabardor qilish, elektr tarmoqlarida yuzaga kelgan nosozliklar bo‘yicha avtomatik ogohlantirish xizmatini yo‘lga qo‘yish hamda murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish jarayonlarini soddalashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi. Shuningdek, Call-markazlar faoliyatini zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlari asosida takomillashtirish vazifasi belgilandi.
"Hududgazta’minot" AJda esa gaz ta’minoti sohasida amalga oshirilayotgan raqamlashtirish ishlari, Vaziyatlar markazi faoliyati hamda gaz tarmoqlarini real vaqt rejimida nazorat qilish imkoniyatlari bilan tanishildi. Shu bilan birga, avariya va nosozliklarni tezkor aniqlash, dispetcherlik boshqaruvini takomillashtirish, sun’iy intellekt asosidagi yechimlar va yangi mobil xizmatlarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Tashinuv yakunida aholi bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, iste’molchilarning taklif va mulohazalarini muntazam o‘rganish, ular asosida raqamli xizmatlar imkoniyatlarini kengaytirish hamda xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, iste’molchilar fikri va takliflarini inobatga olgan holda xizmatlarni izchil takomillashtirib borish aholi uchun zamonaviy, tezkor va sifatli servis tizimini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA