Peshqo‘rg‘onliklarning ko‘p yillik orzusi ro‘yobga chiqdi
Eng ulug‘, eng aziz bayram – istiqlolimizning o‘ttiz besh yilligi arafasida Peshqo‘rg‘onda barpo etilgan ravon yo‘llar xalqning davlat siyosatiga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanayotganini ham ifoda etadi. Chunki odamlar murojaati eshitilgan, tashabbus qo‘llab-quvvatlangan va ko‘p yillik muammo amalda hal etilgan joyda islohotlarning haqiqiy samarasi ko‘rinadi.
Mamlakatimizda mahallani islohotlarning tayanch bo‘g‘iniga aylantirish, aholi muammolarini joyida hal etish va hududlarni kompleks rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlarida ham mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish, har bir murojaatni amaliy yechimga aylantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugun joylarda amalga oshirilayotgan har bir bunyodkorlik ishi ayni shu siyosatning amaliy tasdig‘idir.

Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi Peshqo‘rg‘on mahallasida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari tahsinga loyiq. Mahalla hududida ichki ko‘chalarni zamonaviy talablar asosida ta’mirlash, aholi uchun qulay va xavfsiz harakatlanish sharoitini yaratish hamda muhandislik infratuzilmasini yaxshilash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Pirovardida ko‘p yillar davomida aholini qiynab kelgan muammoga amaliy yechim topildi.
Xususan, "Murabbiy" ko‘chasi, muqaddas “Xoki Muborak” qabristoniga olib boruvchi yo‘l hamda masjid oldidagi hududni o‘z ichiga olgan jami 3 kilometrlik avtomobil yo‘li to‘liq asfaltlashtirildi. Bu loyihani bajarish uchun 1 milliard 648 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Mazkur yo‘lning ahamiyati uning masofasi yoki unga sarflangan mablag‘ bilan emas, balki insonlar hayotini yanada yaxshilashga qo‘shayotgan hissasi bilan o‘lchanadi. Chunki mazkur ravon yo‘l orqali minglab fuqarolar ziyoratgohga boradi, aholi uchun transport harakati xavfsiz va qulaylashadi.

E’tiborlisi, ushbu masala avval “Tashabbusli byudjet” dasturi orqali hal etilishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, yetarli ovoz to‘planmagani sababli ijobiy hal etilmagan edi. Keyinchalik mahalla faollari va fuqarolarning murojaatlari asosida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Shuhratjon Yoqubov tashabbusni o‘z nazoratiga olib, tegishli vazirlik va idoralar bilan amaliy ish olib bordi. Buning natijasida loyiha uchun zarur mablag‘ ajratilib, yo‘l qurilishi ishlari to‘liq yakunlandi.
Hozirda ushbu yo‘l nafaqat Peshqo‘rg‘on, balki Bozorboshi va Ora ariq mahallalari aholisi uchun ham muhim transport yo‘lagiga aylandi. Shu bilan birga, yo‘l yoqalari obodonlashtirildi, ariq va zovurlar tartibga keltirildi, hududning sanitariya holati yaxshilandi.

Bunday xayrli yumushlar ro‘yobida mahalla faollari va jonkuyar insonlarning hissasi ham salmoqli bo‘ldi. Xususan, mahalla ravnaqi yo‘lida faollik ko‘rsatib kelayotgan Baxtiyor Otamirzayev va Rahmonjon Egamberdiyevlarning sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etish joiz.
Binobarin, mahalla ko‘chalari obod bo‘lsa – odamlarning kayfiyati o‘zgarib, ertaga emas, bugunidan rozi bo‘lib yashashga undaydi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri