Energetika: tajriba, malaka va barqarorlik
Energetika sohasining barqaror va samarali faoliyati, avvalo, malakali mutaxassislar salohiyati, ularning zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalariga bog‘liq. Shunga ko‘ra, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi texnologiyalarning joriy etilishi va xizmatlar sifatini oshirish xodimlardan kasbiy bilimlarini muntazam boyitib borishni talab etmoqda.
Shu maqsadda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tizimida xodimlarning malakasini oshirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ularni amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda.
2026-yil avgust oyi uchun tasdiqlangan rejaga muvofiq, “Ilmiy-texnik va xodimlar malakasini oshirish markazi” filiali tomonidan malaka oshirish kurslari tashkil etildi. Mazkur kurslarda jamiyat tizimidagi korxona va filiallarning tuman va shahar elektr ta’minoti dispetcherlari, EEHNAT muhandislari, shuningdek, iste’molchilar bilan ishlash va debitor qarzdorlikni undirish guruhlari rahbarlari hamda muhandislari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, energetika tizimida zamonaviy talablar asosida ishlash uchun nazariy bilimning o‘zi yetarli emas, uni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish ham muhim. Shu nuqtai nazardan, o‘quv mashg‘ulotlarida mutaxassislarning ish jarayonida zarur bo‘ladigan amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, o‘quv doirasida tinglovchilar Yashnobod tumanidagi “Olmos” nimstansiyasida bo‘lib, elektr ta’minoti jarayonlari bilan bevosita tanishdi. Bu esa ularga nazariy mashg‘ulotlarda olgan bilimlarini real ish jarayoni misolida mustahkamlash va sohadagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish imkonini berdi.
–Mazkur yondashuv xodimlar o‘rtasida tajriba almashishni kuchaytirish bilan birga, tizimda to‘plangan bilim va ko‘nikmalarni keng ommalashtirishga ham xizmat qiladi. Shuningdek, markaz tomonidan mutaxassislarning kasbiy salohiyatini yanada yuksaltirish maqsadida onlayn o‘quv-seminarlar va treninglar ham muntazam tashkil etilyapti. Umuman olganda, xodimlarning malakasini oshirish va amaliy tajribasini boyitishga qaratilgan bunday mashg‘ulotlar elektr ta’minoti xizmatlari sifatini yaxshilash, zamonaviy ish usullarini keng joriy etish hamda energetika tizimining barqaror faoliyatini ta’minlashda muhim hisoblanadi, – dedi jamiyat axborot xizmati rahbari Faxriddin Nuraliyev.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA