Energetika barqarorligi – xalq farovonligining mustahkam poydevori
Mamlakatimizda aholini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishlar, joylarda amalga oshirilayotgan manzilli o‘rganishlar va amaliy chora-tadbirlar bu boradagi ishlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqmoqda. Eng muhimi, bugun har bir hududda aholining dardi eshitilib, muammolar kabinetlarda emas, balki mahallalarning o‘zida hal etilayotgani davlat rahbarining inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan siyosati amalda o‘z ifodasini topayotganidan dalolatdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini rivojlantirish hamda kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Yangiyo‘l” tumanida sinovdan o‘tgan samarali tajriba Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida ham bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Bu esa mamlakatimizda har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda aholi manfaatlariga xizmat qiladigan samarali boshqaruv mexanizmlari shakllanayotganining yana bir amaliy isbotidir.
Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida Respublika ishchi shtabi tomonidan G‘ijduvon tumanining Mirakon mahallasida mahalla raisi, faollar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuv davomida aholining taklif va murojaatlari diqqat bilan tinglanib, hududdagi mavjud muammolar, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining holati, ijtimoiy ob’ektlarning energiya ta’minoti hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining ishonchli faoliyati atroflicha muhokama qilindi.

Shundan so‘ng “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi A. Isakov, Respublika ishchi guruhi a’zolari ishtirokida mahalladagi aholi xonadonlari, gaz taqsimlash shoxobchalari, transformator punktlari, elektr uzatish tarmoqlari va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasining texnik holati bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida aniqlangan har bir muammo yuzasidan mas’ul tashkilotlarga manzilli topshiriqlar berildi, ularni bartaraf etishning aniq muddatlari belgilab olindi. Fuqarolarning murojaatlari alohida nazoratga olinib, har bir masalani kechiktirmasdan hal etish bo‘yicha amaliy choralar belgilandi. Bu yondashuv “avval inson, keyin hujjat” tamoyilining hayotdagi yorqin ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

E’tiborli jihati shundaki, Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan bunday tizimli o‘rganishlar nafaqat mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, balki kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning ham oldini olishga xizmat qilmoqda. Infratuzilmani chuqur tahlil qilish, aholi bilan ochiq muloqot qilish va har bir murojaatni manzilli hal etish orqali energetika tizimida mutlaqo yangi ish uslubi qaror topmoqda.
Zero, barqaror energiya ta’minoti — iqtisodiyot rivoji, ishlab chiqarish samaradorligi va eng avvalo, xalq farovonligining muhim kafolatidir. Shu bois mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli ishlar har bir xonadonga issiqlik, yorug‘lik va xotirjamlik olib kirishga, kuz-qish mavsumini muammosiz o‘tkazishga, yurt taraqqiyoti va inson manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bu esa Yangi O‘zbekistonda davlat siyosati markazida avvalo inson, uning munosib turmushi va ertangi kuniga bo‘lgan ishonchi turganini yana bir bor yaqqol namoyon etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri