Ekologiya va salomatlik yo‘lida xotin-qizlarning o‘rni
Jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, aholini ommaviy sportga keng jalb qilish hamda xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.
Ushbu vazifalar ijrosi doirasida Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi va partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamkorligida “Sog‘lom ayol – Yangi O‘zbekiston tayanchi” mavzusida sport va intellektual tadbir tashkil etildi. Unda quyi palata deputatlari, partiya Markaziy Kengashi vakillari hamda 200 nafarga yaqin xotin-qizlar faol ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar sog‘lom avlodni tarbiyalash, ekologiya va salomatlik o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik hamda jamiyatda faol va sog‘lom xotin-qizlarning o‘rni borasida alohida to‘xtalib o‘tdilar. Xotin-qizlarning jismoniy faolligini oshirish, ularning sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish hamda ekologiya va salomatlik madaniyatini yuksaltirishda bu kabi amaliy tadbirlarning ahamiyati muhimligi urg‘ulandi.
Haqiqiy sport va aql sinovi ko‘rinishida o‘tgan tadbir davomida ishtirokchilar tezlik va chaqqonlik bo‘yicha estafeta bellashuvlarida, aniqlik va muvofiqlikni talab etuvchi mashqlarda faol ishtirok etdi.

Intellektual bellashuvlarda esa ishtirokchilar ekologiya va salomatlikka oid savollarga javob berish orqali o‘z bilim va tafakkurini, ekologik savodxonligi va ekomadaniyatini namoyon etdi.
Qizg‘in va ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgan bellashuvlar yakunida g‘oliblar, eng faol va mahoratli ishtirokchilar munosib taqdirlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA