Ekologik ekspertizada mas’uliyat kuchaytirildi: xulosadan keyin ham nazorat bor
Atrof-muhitga ta’sirni baholash tizimidagi o‘zgarishlar ekologik xavflarni aniqlash, loyihalar sifatini oshirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan. Endilikda nafaqat rejalashtirilayotgan faoliyatning tabiatga ta’siri, balki ekologik ekspertiza xulosasida belgilangan talablarning amalda bajarilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, davlat va hududlarni rivojlantirishga oid strategik hujjatlar ham ekologik baholashdan o‘tkaziladi.
Aslida atrof-muhitga ta’sirni baholash nima?
Ushbu tushuncha mo‘ljallanilayotgan va rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning atrof-muhitga ta’siri xususiyatlarini va darajasini, uning ehtimoliy ekologik oqibatlarini aniqlashga hamda atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlarini ishlab chiqishga qaratilgan tartib-taomildir.
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-maydagi tegishli qarori bilan atrof-muhitga ta’sirni baholashning yangi mexanizmlari joriy etildi.
“Davlat ekologik ekspertizasi markazi” yetakchi ekolog eksperti Doniyor Niyazov bilan suhbatda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yangi tartibga asosan, davlat ekologik ekspertizasi bilan bog‘liq xizmatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladi. Bu buyurtmachilar uchun murojaat qilish jarayonini soddalashtirish, idoralararo ma’lumot almashinuvini tezlashtirish va shaffoflikni oshirish imkonini beradi. Yana bir muhim o‘zgarish — faoliyat turlarining atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish darajasi bo‘yicha tasnifidir. Avval to‘rt toifadan iborat bo‘lgan tizim yangi tartibda uch toifaga ajratildi. Bu loyihaning qaysi toifaga mansubligini aniqlashni osonlashtirish va ortiqcha ma’muriy murakkabliklarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish muddatlari ham qayta belgilandi, deydi Doniyor Niyazov.- Avvalgi tartibda ular faoliyat toifasiga qarab 5 kundan 20 kalendar kungacha bo‘lgan bo‘lsa, yangi tartibda 15 kundan 25 ish kunigacha etib belgilandi. Bunda muddatlarni hisoblashda dam olish kunlari inobatga olinmaydi. Biroq raqamlashtirish va tartiblarni aniqlashtirish bilan ish tugamaydi. Ekspertiza xulosasining sifati, avvalo, uni tayyorlayotgan mutaxassisning bilimi va mas’uliyatiga bog‘liq. Shu bois “ekolog-ekspert”larga oliy ma’lumot, kamida uch yillik uzluksiz ish staji va majburiy attestatsiyadan o‘tish kabi talablar belgilandi. Loyiha hujjatlarining haqqoniyligi uchun esa buyurtmachi bilan bir qatorda loyihachi ham solidar javobgar bo‘ladi.
Eng muhimi, ekologik ekspertiza xulosasi berilgandan keyingi nazorat mexanizmi ham kuchaytirilmoqda. Buyurtmachi har chorakda xulosada belgilangan talablarning bajarilishi yuzasidan vakolatli davlat organiga hisobot taqdim etishi lozim. Bu ekologik talablarning hujjatlarda qayd etilishi bilangina cheklanib qolmasdan, amalda bajarilishini nazorat qilish imkonini beradi.
Xo‘sh, loyiha tabiatga qanchalik ta’sir qiladi?
Mutaxassisga ko‘ra, yangi mexanizmlarning yana bir muhim jihati — atrof-muhitga ta’sirni baholash jarayonining alohida bosqichlarga ajratilganidir.Avvalgi tartibda asosiy e’tibor davlat ekologik ekspertizasiga taqdim etiladigan materiallarni tayyorlash va ko‘rib chiqishga qaratilgan edi. Endi esa atrof-muhitga ta’sirni baholashning o‘zi ham alohida nizom asosida tartibga solinadi.
Jumladan, skrining bosqichida rejalashtirilayotgan faoliyat uchun atrof-muhitga ta’sirni baholash zarurligi aniqlanadi. Skoping bosqichida esa baholashning qamrovi, o‘rganilishi lozim bo‘lgan ekologik masalalar va ta’sir omillari belgilanadi. Bu yondashuv har qanday loyihaga bir xil talab qo‘yish o‘rniga, uning ehtimoliy xavfi va ta’sir ko‘lamiga qarab baholash imkonini yaratadi. Natijada, kichik xavfli faoliyat turlari uchun ortiqcha xarajatlarning oldi olinishi, jiddiy ekologik xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan loyihalar esa chuqurroq tahlil qilinishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, baholashda uglerod ko‘rsatkichlari, jumladan, issiqxona gazlari chiqindilari va uglerod izini aniqlash hamda ularni kamaytirish choralarini ko‘rib chiqish talablari joriy etilmoqda. Bundan tashqari, loyihaning atrof-muhitga ta’siri faqat uning o‘z doirasida baholanmaydi. Kumulyativ ta’sirni hisobga olish orqali bir hududdagi mavjud va rejalashtirilayotgan ob’ektlarning birgalikdagi ekologik yuklamasi ham o‘rganiladi.
Eng maqbul mavjud texnologiyalarni hisobga olish talabi esa salbiy ta’sirni kamaytirishga xizmat qiluvchi zamonaviy yechimlarni qo‘llashga yo‘naltirilgan. Bu, ayniqsa, sanoat korxonalari jamlangan, qurilish jadal kechayotgan va tabiiy resurslarga bosim ortayotgan hududlarda muhim ahamiyatga ega.
Ekologik qarorlar faqat mutaxassislar va davlat idoralari doirasida qabul qilinishi bilan cheklanmasligi kerak. Chunki muayyan loyiha ta’sirini, eng avvalo, uning atrofida yashaydigan aholi his qilishi mumkin. Yangi tartibda jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazish zaruratini faoliyat toifasidan qat’i nazar, aniq mezonlar asosida belgilash mexanizmi joriy etildi. Bu aholi manfaatlariga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan loyihalarni muhokama qilish imkoniyatlarini kengaytiradi. Eshituvlarning mazmuni ham o‘zgaradi. Endi loyihani oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qo‘llab-quvvatlash yoki rad etishdan ko‘ra, manfaatdor tomonlarning asoslangan fikr-mulohazalari, takliflari va e’tirozlarini baholash materiallarida inobatga olishga e’tibor qaratiladi.
Davlat ekologik ekspertizasi jarayonida asosli e’tirozlar va bartaraf etilmagan kamchiliklar loyihani rad etish uchun asos bo‘lishi mumkin. Demak, jamoatchilik fikri shunchaki bayonnoma uchun qayd etiladigan mulohaza emas, balki qaror qabul qilish jarayonida ahamiyatga ega bo‘lgan omilga aylanadi. Yana bir yangilik — jamoat ekologik ekspertizasi institutining alohida huquqiy mexanizm sifatida joriy etilishidir. Endi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar tegishli faoliyatning ekologik jihatlarini mustaqil o‘rganish tashabbusi bilan chiqishi mumkin. Belgilangan tartibga muvofiq, tashabbuskor ob’ekt joylashgan hududdagi tuman yoki shahar hokimligiga murojaat qiladi. Mustaqil ekspert komissiyasi tuzilib, ekspertiza tasdiqlangan dastur asosida 25 ish kunidan oshmagan muddatda o‘tkaziladi. Yakunda tayyorlangan xulosa tegishli davlat organlariga taqdim etiladi. Bu mexanizm davlat ekologik ekspertizasini jamoatchilik nuqtai nazaridan qo‘shimcha baholash, ekologik masalalarda fuqarolik jamiyati ishtirokini kuchaytirish uchun huquqiy asos yaratadi.
Ekologik baholash natijasi ko‘p jihatdan loyiha hujjatlarini tayyorlayotgan mutaxassislarning malakasiga bog‘liq. Shu sababli yangi qarorda loyiha ishlab chiquvchilar faoliyatini tashkil etish va baholashga doir talablar ham belgilangan.
Jumladan, atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallarini ishlab chiquvchi tashkilotlar kamida ikki nafar malaka sertifikatiga ega mutaxassisga ega bo‘lishi kerak. Ularning faoliyati hujjatlar sifati, ekspertiza natijalari va qonunchilik talablariga rioya etilishi kabi mezonlar asosida baholanadi. Reyting natijalariga ko‘ra, ishlab chiquvchilar “yashil”, “ko‘k” va “sariq” toifalarga ajratiladi. Ularning reytingi va faoliyati haqidagi ma’lumotlar reyestrga kiritilib, rasmiy veb-saytda e’lon qilib boriladi.
Shuningdek, ekologik ekspertiza ob’ektlari uchun loyiha hujjatlarini ishlab chiqish huquqini beruvchi malaka sertifikatini olish tartibi ham belgilangan. Buning uchun nomzod ekologiya sohasida oliy ma’lumot va kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lishi, malaka oshirish kursini tugatishi hamda 50 savoldan iborat test imtihonida kamida 70 foiz natija ko‘rsatishi lozim. Bunday yondashuv sohada yagona professional talablarni shakllantirish, sifatsiz hujjatlar tayyorlanishining oldini olish va buyurtmachilarga ishonchli mutaxassislarni tanlash imkonini berishga qaratilgan.
Avval ekologik ekspertiza asosan alohida loyihalar va ob’ektlar darajasida amalga oshirilgan bo‘lsa, endi davlat dasturlari, konsepsiyalar, hududlarni rivojlantirish sxemalari va boshqa strategik rejalashtirish hujjatlarining atrof-muhitga ehtimoliy ta’sirini ham oldindan baholash nazarda tutilgan.
Batafsil ma’lumotlar quyidagi havolada.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi,
O‘zA