Bir soatda tarix yozgan o‘zbek qizi
18 yoshli Gulnora Dilshodbekova bir soat davomida velosipedni rulga qo‘l tekkizmasdan boshqarib, jahon rekordini o‘rnatdi.
Uning matonati, muvozanatni saqlash mahorati va qat’iyati yoshlar, ayniqsa, qizlar uchun ilhom manbaidir.
Ba’zan insonning imkoniyatlarini masofa emas, iroda belgilaydi. Bir qarashda oddiydek tuyulgan velosipedda harakatlanish ham yuksak mahorat, mukammal muvozanat va kuchli diqqatni talab etadi. Ayniqsa, bir soat davomida rulga qo‘l tekkizmasdan yo‘l bosish oson ish emas. O‘zbekistonlik 18 yoshli Gulnora Dilshodbekova esa aynan shu sinovda o‘zining favqulodda mahoratini namoyon etib, jahon rekordini yangiladi.

Gulnora belgilangan 25 kilometrlik minimal talab bilan cheklanib qolmadi. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, kuchli matonat sohibasi bir soat ichida 31,6 kilometr masofani bosib o‘tib, o‘z nomini Ginnesning rekordlar kitobiga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Har qanday katta natijaning ortida ko‘pchilik ko‘rmaydigan mehnat, takror-takror bajarilgan mashqlar va mashaqqatli tayyorgarlik turadi. Gulnoraning muvaffaqiyati ham ana shu omillar uyg‘unligini namoyon etadi. Velosipedni rulga qo‘l tekkizmasdan boshqarishda eng kichik harakat ham natijaga ta’sir qilishi mumkin. Bunday sharoitda muvozanatni saqlash, harakatni nazorat qilish va diqqatni bir nuqtada jamlash katta mahorat talab etadi.

Har bir berilgan imkon va katta yutuqlar yangi avlod qalbida “men uddalay olaman” degan ishonchni uyg‘otadi. Zero, bugun jahon rekordini o‘rnatgan bir nafar o‘zbekistonlik qiz ertaga yana ko‘plab yoshlarni o‘z orzulari sari dadil qadam tashlashga undashi mumkin. Gulnora Dilshodbekovaning tarixiy natijasi — o‘zbek yoshlarining salohiyati, matonati va intilishlari chegara bilmasligining yana bir ifodasi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA