Dunyoning qaysi hududida gulzorni ko‘rsak, avvalo, Namangan yodimizga tushadi
Nafosat shaydolariga chinakam go‘zallik ulashayotgan, Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan 65-xalqaro gullar festivali nafaqat yurtimiz, balki chet el sayohlarini ham o‘ziga rom etmoqda.
Nufuzli anjumanning dastlabki kunlarida gullar diyorida kutilganidanda ziyoda turistlar oqimi qayd etildi. Jumladan, festivalning tantanali ochilish marosimi 513 ming 453 nafar mahalliy hamda qo‘shni Markaziy Osiyo, MDH, Yevropa, Amerika mamlakatlaridan 6 ming 385 nafar turistni o‘ziga jamladi.
Viloyat turizm boshqarmasining ma’lum qilishicha, bayramning ilk kuni davomida soat 00:00 holatiga 721 ming 832 mahalliy mehmon hamda 14 ming 250 xorijiy sayyoh Namanganga tashrif buyurdi. 2026-yil 26-may soat 21:00 holatiga, 381 ming 417 mahalliy mehmon va 6 ming 843 xorijiy mehmon go‘zallik iforini his qildi.
Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov gullar shahrida boshlangan 65-xalqaro gullar festivaliga tashrif buyurgan bir qator xorijiy mehmonlar bilan muloqotda bo‘ldi.
[gallery-29687]
Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Turkiyaning “TIGTurkey” investitsiya agentligi prezidenti Xayreddin Turan, agentlik vitse-prezidenti Mehmet Selim Arvas, Namangan viloyatining Turkiyadagi turizm elchisi, ebru san’ati ustasi Ahmet Choktan hamda Qirg‘iz Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmalari a’zosi, taniqli adib Begijon Ahmedovlar ishtirok etdi.
Nafosat va go‘zallik bayramining ilk kunida ishtirok etgan nufuzli mehmonlar bilan uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiya, turizm va madaniy masalalar muhokama markazida bo‘ldi.
– Kompaniyamiz sanoat, qurilish, turizm, yuqori texnologiyalar bilan shug‘ullanuvchi o‘nlab shirkatlarni o‘z ichiga oladi. Qoleversa, Turkiya, Ko‘rfaz davlatlari, Afrika mamlakatlarining yirik kompaniyalarini birlashtiruvchi uyushmalarimiz bor. Namangandagi bir necha kichik sanoat zonalariga borib, ishlab chiqaruvchilarning salohiyati yuqori ekanligiga amin bo‘ldik, – deydi “TIGTurkey” investitsiya agentligi yetakchisi Xayreddin Turan.
Viloyat hokimi o‘zaro aloqalarning mushtarak jihatlari bisyor ekanligini ta’kidlab, hamkorlikni to‘la qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
– Namangan gullar bayrami bilan dunyo jamoatchiligini lol qoldirmoqda. Bunga o‘zimiz ham festivalning ochilish marosimi davomida guvohi bo‘ldik. O‘zbekiston deganda ko‘pchilik ko‘zi oldiga Samarqand va Buxoro kelgan. Hozir bu safga Namangan ham qo‘shildi. Ya’ni “Samarqand sayqali ro‘yi zamin ast”, “Buxoro quvvati islomi din ast” ta’riflariga “Namangon charog‘i husni jahon ast!”, ya’ni “Namangon jahon husnining mash’alidir!”, deb aytsak yarashadi. Namanganni dunyo rekordi bilan tabriklaymiz, – deydi qardosh qirg‘iz adibi Begijon Ahmedov.
Tadbirda turizm, media, savdo-investitsiya yuzasidan bir qator taklif-tashabbuslar ilgari surildi. Samimiy ruhda kechgan muloqotda festivalni yanada boyitish, hamkorlikni mustahkamlash borasida fikr-mulohazalar almashildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA