Dunyo zamonaviy ilm egalari uchun doim ochiq yoxud yoshlarimiz muvaffaqiyat kalitining siri (+video)
Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni yoshlar bilan ochiq muloqoti davomida nufuzli xorijiy oliygohlar bilan birgalikda biznesga o‘qitish, til bilish darajasini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar bergan edi.
Qayd etish kerak, yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlar iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy jarayonlarda muhim kuch sanaladi. Yig‘ilishda barcha darajadagi rahbarlar yoshlarni chet tillari va zamonaviy kasblarga o‘rgatish, ularni sportga keng jalb etish hamda istiqbolli startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga mas’uliyat bilan yondashishi lozimligi ta’kidlandi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori Gulnoza ISMOILOVA ochiq muloqotdan so‘ng O‘zA muxbiriga bergan intervyusida yoshlarni xorijiy ta’lim dasturlariga jalb etish bo‘yicha qilinayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi.
– Davlatimiz rahbari xorijiy til sertifikatiga ega yoshlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi samara berganini ta’kidlab o‘tdilar. Darhaqiqat, sertifikat olgan yoshlar 600 mingdan oshdi, xorijiy tillarni mukammal biladigan 72 ming instruktor shakllandi. Xususiy o‘quv markazlarining soni esa uch karra ko‘payib, 38 mingdan oshgani e’tirof etildi.
Xususiy o‘quv markazlari uyushmasini tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlanib, uyushma a’zosi bo‘lgan markazlarga binosini ijaraga bergan tadbirkorlar ijaradan olinadigan daromad va foyda solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi. Bunday markazlar o‘qituvchilarini ilg‘or ta’lim markazlariga stajirovkaga yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Bugungi kunda “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyati barcha yo‘nalishlar bilan bevosita bog‘liq. Zero, stipendiantlarimiz dunyoning eng nufuzli universtitetlarida tahsil olyapti, eng malakali professorlardan bilim egallab, yangi g‘oyalarni o‘zlashtirmoqda. Muhimi, ular shu bilimlarini O‘zbekistonga joriy etish yo‘lida bor kuch-g‘ayratini ishga solmoqda.
Yig‘ilishda bir-biridan muhim, dolzarb masalar yuzasidan takliflar ilgari surildi, shu bilan birga, aniq topshiriqlar ham berildi. Har bir taklif va tashabbus yoshlarimizni mamnun etdi. Chunki takliflar barcha sohalarda faoliyat yuritayotgan yoshlarni real rejalar bilan kelajakka katta qadam qo‘yishga undaydi.
Kasbiy ko‘nikmalarni oshirish, sportni rivojlantirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, til markazlarini ochish bo‘yicha imtiyozlar va oliy ta’limga qamrovni kengaytirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshiriladi. Joriy qilinayotgan bu kabi loyihalar yoshlar hayoti farovonligi, ularning kelajagi yo‘lida muhim konsepsiya, “yo‘l xaritasi” bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, “El-yurt umidi” jamg‘armasi iqtidorli yoshlar va mutaxassislarni xorijning nufuzli oliygohlarida bakalavr, magistr va doktorantura dasturlarida ta’lim olishini moliyalashtiradi. Tashkilot ochiq stipendiya tanlovlari orqali kadrlar tayyorlash, vatandosh ekspertlarni jalb qilish va xorijiy tajribani joriy etish bilan shug‘ullanadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Vn9jw7sHRMg" title="Dunyo zamonaviy ilm egalari uchun doim ochiq yoxud yoshlarimiz muvaffaqiyat kalitining siri" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘zA muxbiri Behruz XUDOYBERDIEV yozib oldi.
Anvarxo‘ja AHMEDOV (video).