Dunyo ringlarini zabt etgan o‘zbek o‘g‘loni
Mamlakatimizda sportni, ayniqsa, boksni rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor va yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar o‘z samarasini bermoqda. Sportchilarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni sportga keng jalb etish, iqtidorli avlodni tarbiyalash borasidagi izchil islohotlar natijasida xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilayotgan iste’dodli sportchilar safining kengayib borayotgani quvonarli.
Ana shunday yorqin iste’dodlardan biri — o‘zbek boks maktabining munosib vakili, jahon ringida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Isroil Madrimov.
Isroil Madrimov 1995-yil 16-fevral kuni Xiva shahrida dunyoga kelgan. U 2006-yilda murabbiylari Bahrom Quryozov, Ruslan Ibodullayev va Quvondiq Jabborov qo‘l ostida boksning sir-asrorlarini o‘rgana boshladi.
Tuman, shahar va respublika miqyosidagi musobaqalarda toblangan Isroil 2010-yilda Chirchiq olimpiya zaxiralari sport kollejiga o‘qishga kirdi. Bu yerda boksdagi mahorati yanada sayqal topdi. U To‘lqin Qilichev, Rustam Saidov, Ikrom Berdiyev va Alisher Rahimov kabi tajribali mutaxassislardan saboq oldi. Ustozlarning mehnati, Isroil Madrimovning tirishqoqligi va boksga bo‘lgan qiziqishi uni qisqa vaqt ichida O‘zbekiston yoshlar boksidagi istiqbolli sportchilardan biriga aylantirdi.
Isroil Madrimovning katta sportdagi ilk jiddiy natijasi 2014-yil Inchxon shahrida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlariga to‘g‘ri keladi. 69 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan yosh bokschi finalga qadar yetib borib, musobaqaning kumush medalini qo‘lga kiritdi. 2016-yil Rossiyaning Nijnevartovsk shahrida Farmon Salmanov xotirasiga bag‘ishlangan jahon kubogida 75 kilogramm vazn toifasida chempion bo‘lib, xalqaro ringdagi salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.

2017-yil esa o‘zbekistonlik bokschi faoliyatida sermahsul mavsumlardan biri bo‘ldi. Aprel oyida Bangkokda o‘tkazilgan Tailand qiroli kubogida g‘olib bo‘ldi. May oyida Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida esa chempionga aylandi. Madrimov finalda Janubiy Koreya vakili Li Dong Jinni katta ustunlik bilan mag‘lub etib, qit’a chempionligiga ega bo‘ldi.
Bundan tashqari, oktabr oyida Qozog‘istonning Aqtau shahrida o‘tkazilgan xalqaro turnirda 75 kilogramm vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi va musobaqaning eng yaxshi bokschisi deb topildi. Noyabr oyida Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan Gubernator kubogida ham finalgacha yetib borib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan o‘rin olgan holda musobaqaning ham eng yaxshi bokschisi sifatida e’tirof etildi.
2018-yil may oyida esa Sankt-Peterburg gubernatori kubogida yana oltin medalni qo‘lga kiritdi. Isroil Madrimovning shu yili Indoneziyada o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida 75 kilogramm vazn toifasida barcha raqiblarini ortda qoldirib, chempion bo‘ldi.
Jakartadagi ushbu g‘alaba Madrimovning havaskorlar boksidan professional ringga o‘tish nuqtasini ham belgiladi. Osiyo o‘yinlaridagi chempionlikdan so‘ng u professional boksga qadam qo‘yib, yangi va yanada murakkab bosqichni boshladi.

Osiyo o‘yinlaridagi g‘alabadan so‘ng charm qolqop ustamiz professional boksga qadam qo‘ydi. Uning ilk jangi 2018-yil noyabr oyida AQSHda Vladimir Ernandesga qarshi o‘tkazilib, oltinchi raundda texnik nokaut evaziga erishilgan g‘alaba bilan yakunlandi.
Oradan ko‘p o‘tmay, 2019-yil mart oyida Frank Roxasga qarshi jangda ikkinchi raundda nokaut bilan g‘alaba qozonib, “WBA Inter-Continental” kamariga ega bo‘ldi. Shu yilning iyun oyida Nyu-Yorkdagi mashhur “Madison Square Garden” arenasida o‘tkazilgan boks oqshomida I.Madrimov Norberto Gonsalesni oltinchi raundda texnik nokaut bilan mag‘lub etdi. Keyingi yillarda esa Erik Uoker, Emmanuel Kalambo va Mishel Soroga qarshi janglarda ham g‘alabalar qayd etdi.
Isroil Madrimov uchun 2024-yil faoliyatidagi eng muhim yillardan biri bo‘ldi. 8-mart kuni Saudiya Arabistonining Riyod shahrida Magomed Kurbanovga qarshi jangda u bo‘sh turgan WBA versiyasi bo‘yicha birinchi o‘rta vaznda jahon chempionligi kamari uchun ringga ko‘tarildi. Jangning beshinchi raundida bokschimiz texnik nokaut bilan g‘alaba qozondi. Shu tariqa, professional faoliyatida ilk bor jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritdi.

Biroq, chempionlik kamarini himoya qilish uchun Isroil Madrimovga juda jiddiy raqib to‘g‘ri keldi. 2024-yil 3-avgust kuni Los-Anjelesda u amerikalik mahoratli professional bokschi Terens Kroufordga qarshi jang o‘tkazdi. 12 raund etib belgilangan jangda hakamlarning yakdil qarori bilan mag‘lub bo‘ldi. Shu tariqa, WBA kamari Kroufordga o‘tdi.
2025-yil 22-fevral kuni Madrimov yana bir katta jangda ishtirok etdi. Riyod shahrida u Vergil Ortisga qarshi WBC versiyasi bo‘yicha vaqtinchalik jahon chempionligi kamari uchun bahs olib bordi. 12 raund davom etgan jangda hakamlar 117:111, 115:113, 115:113 hisoblarini qayd etib, g‘alabani Ortisga berdi.
Shundan so‘ng Isroil Madrimov boksdagi faoliyatida yangi bosqichni boshladi. 2026-yil 24-yanvar kuni Las-Vegasda Luis David Salazarga qarshi jangda g‘alaba qozondi. Bu g‘alaba uning Krouford va Ortisdan keyingi qayta tiklanish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Ushbu g‘alabadan keyin chram qo‘lqop ustamizning professional boksdagi natijalari 11 g‘alaba, 2 mag‘lubiyat va 1 durangni tashkil etmoqda. Darvoqe, g‘alabalarining 7 tasida u raqiblarini muddatidan oldin taslim etgan.
Isroil Madrimovning sportdagi yutuqlari davlatimiz tomonidan ham munosib e’tirof etib kelinmoqda. U 2018-yil Osiyo o‘yinlaridagi g‘olibligi ortidan «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 2026-yil 22-avgust kuni esa O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan mamlakat sporti rivojiga qo‘shgan hissasi, xalqaro maydonda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgani, yoshlarni sportga keng jalb etishdagi xizmatlari va ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun Prezident farmoniga muvofiq «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.
— Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida kamtarona mehnatlarimiz yuksak baholanib, «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandim. Bu mukofot men uchun katta sharaf va mas’uliyatdir, — deydi Isroil Madrimov. — Avvalo, ushbu muvaffaqiyatlarga erishishimda mehnati singgan barcha ustoz-murabbiylarim, oilam va muxlislarga minnatdorlik bildiraman. Xalqimiz duosi va qo‘llab-quvvatlovi men uchun doimo katta kuch bo‘lib kelgan. Nasib qilsa, hali oldinda katta maqsadlar bor. Professional ringda yanada yuksak natijalarga erishib, jahon chempioni bo‘lish niyatidaman.
Darhaqiqat, bu e’tirof bokschimiz uchun faoliyatining yakuni emas, balki yangi va yanada mas’uliyatli marralar sari yo‘ldagi muhim rag‘batdir. Oldinda esa professional ringda yangi janglar, yangi sinovlar va eng muhimi, jahon chempionligi sari intilish turibdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA